O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchilarni saralab olish tizimini rivojlantiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan qarori loyihasida aytiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligining:
hududlardagi mavjud ta'lim muassasalarini xatlovdan o‘tkazib, sport zaxirasini shakllantirish, saralash (seleksiya) va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish tizimini yo‘lga bo‘yicha tuman (shahar)larni sport turlariga ixtisoslashtirishni tashkil etish;
hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, har bir tuman (shahar)ni hamda oliy ta'lim muassasalarini ma'lum bir sport turlariga ixtisoslashtirish va sport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, iqtidorli sportchilarni O‘zbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga saralash (seleksiya) qilish;
sport turlariga ixtisoslashtirilgan tuman (shahar)larning ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “maktab ligasi” hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “talaba ligasi” musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha takliflari ma'qullanishi mumkin.
Quyidagilar sport turlariga ixtisoslashtirilgan tuman (shahar) ta'lim muassasalari hamda oliy ta'lim muassasalarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
sport turlari bo‘yicha yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh sportchilarni saralab olish (seleksiya) tizimini yo‘lga qo‘yish, ularni o‘qitish, tarbiyalash va individual xususiyatlarini rivojlantirish, sport sohasidagi qobiliyatini yanada oshirish;
bolalar-o‘smirlar sport maktablari hamda sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktablarini rivojlantirish uchun ishonchli sport zaxirasini shakllantirish, iqtidorli bolalarni sportga jalb etish va ularning salohiyatini doimiy ravishda oshirib borish;
professional sportchilarni tayyorlash tizimini tashkil etish, rivojlangan mamlakatlar bilan xalqaro darajada raqobatlasha oladigan darajaga yetkazish, turli yosh toifasidagi respublika terma jamoalarga va sport turlari bo‘yicha terma jamoalariga professional sportchilarni tayyorlash;
sport sohasida rivojlangan xalqaro mamlakatlarda o‘tkaziladigan musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish orqali sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoasi a'zolarining saviyasini oshirib borish.














