09:14 / 20.11.2019
0
58968

Samarqandda suyultirilgan gaz tashuvchi yuk mashinasi portlashi oqibatida 7ta transport vositasi yonib ketdi 

Foto: Tergov departamenti

Samarqand viloyatida suyultirilgan gaz tashish uchun mo‘ljallangan yuk avtomashinasi portlashi oqibatida 7 ta transport vositasi yonib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bugun, 2019 yil 20 noyabr kuni soat taxminan 03:30larda Samarqand viloyati Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi Samarqand-G‘uzor A-378 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida joylashgan «Timur GAZ» MChJga tegishli avtomashinalar turargohida harakatsiz turgan suyultirilgan gaz tashishga mo‘ljallangan MAN rusumli yuk avtomashinasida noma'lum sabablarga ko‘ra yong‘in kelib chiqqan.

Yong‘in yukxonaga o‘tib, avtomashinadagi suyultirilgan gaz portlashi oqibatida ushbu avtoturargohda turgan suyultirilgan gaz tashish uchun mo‘ljallangan 2 ta MAN va 1 ta «ZIL» rusumli avtomashinalar hamda DAF va «ZIL» rusumli yuk avtomashinalari, shuningdek HYUNDAI rusumli ekskavator yonib ketgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi, FVV xodimlari va tez tibbiy yordam avtomashinalari jalb qilingan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, haydovchilarning bir nafari tan jarohati olib shifoxonaga murojaat etgan.

Hozirda yong‘inni kelib chiqish sababi aniqlanmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top