2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan 2020-2022 yillarda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ma'qullanishi mumkin.
Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
Yangiariq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlanish darajasi va farovonligini oshirish;
Qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini oshirish;
Hududning tabiiy va iqlim sharoitiga xos bo‘lgan chorvachilik, sholichilik, baliqchilik hamda qizilmiya ildizini yetishtirish va chuqur qayta ishlashni rivojlantirish;
yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, irrigatsiya-meliorativ obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish darajasini yaxshilash.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Xorazm viloyati hokimligi, Yangiariq tumani hokimligi bilan birgalikda 2020 yilda qayta tashkil qilinayotgan Yangiariq tumanining markazini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obektlarini nazarda tutgan holda Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqib, tuzatish kiritish va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqadi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Moliya vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, tuman aholisini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida yangidan “suv tozalash inshooti” tashkil qilish hamda Yangiariq shaharchasiga oqova tizimi (kanalizatsiya) qurish uchun 2020-2022 yillarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 12,9 mln. dollar mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.










