Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident: Geologiya universitetining o‘quv binolari 1 sentyabrgacha qurib bitkaziladi
31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olimlar ko‘chasidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga tashrif buyurdi.
Tashrifda O‘zbekistonda yer qa'rini geologik o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutlari negizida tashkil etilayotgan yaxlit majmua – zamonaviy Geologiya universiteti kampusiga tamal toshi qo‘yildi.
Mazkur muassasa ta'lim va ilm-fan klasteri shaklida bo‘ladi. 4ta institutning moddiy-texnik bazasi va ilmiy kadrlar salohiyati birlashtirilib, eng ilg‘or uskunalar bilan jihozlanadi. Sankt-Peterburg tog‘-kon universiteti va boshqa nufuzli dargohlar bilan hamkorlikda ta'lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan muloqot qildi.

Unda sohadagi muammolar va ularga yechim topishda olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari hamda yosh tadqiqotchilar oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.
«Bir paytlar O‘zbekistonda geologiya ancha rivojlangan, raqobatbardosh soha edi. Hatto boshqalar kelib, yurtimiz mutaxassislaridan tajriba o‘rganib ketardi. Lekin oxirgi 30 yilda bu soha e'tibordan chetda qolib ketdi. Bor salohiyatni saqlab qololmadik. Olimlarga yo‘nalish, rag‘bat bo‘lmadi. Zamonaviy kadrlar yetishib chiqmadi. Aslida geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerak. Tashxissiz bemorni operatsiya qilib bo‘lmaganidek, geologiyasiz sanoatni rivojlantirib bo‘lmaydi. Biz bugun shu soha rivojiga asos bo‘ladigan ilm dargohiga poydevor qo‘ymoqdamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shu kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan yig‘ilishda Geologiya universitetining qurib bitkazilish muddatiga ham aniqlik kiritdi.
«2020 yilning 1 sentyabrigacha universitetning o‘quv binolari, 30 dekabrga qadar uning ilmiy laboratoriyalari va yotoqxonalari qurib bitkaziladi», – deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident o‘z tashrifida Geologiya fanlari universiteti qurilishiga oid loyihalar bilan ham tanishdi. Bu yerda o‘quv binolari va laboratoriyalarni chet el tajribasi hamda kasb spetsifikasidan kelib chiqib qurish, maydonlardan samarali foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Ma'lumot uchun, 2020 yil O‘zbekistonda Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilingan.
Prezident Oliy Majlisga murojaatida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishini rivojlantirish zarurligini ham ta'kidlagan edi. Unga ko‘ra, 2020 yilda matematika, kimyo-biologiya va geologiyada fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Mavzuga oid
20:05 / 09.06.2026
Prezidentga tog‘-kon sanoati va geologiyada raqamli texnologiyalarni joriy qilish rejalari taqdim etildi
11:51 / 22.05.2026
IIV, Adliya va Tog‘-kon vazirligi - davlat boshqaruvidagi eng ilg‘or idoralar
22:05 / 04.04.2026
Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
18:23 / 04.04.2026