O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish haqida gap ketganda, avvalo, klublarimiz xususiy bo‘lishi kerakligi aytiladi. Bu albatta, juda yaxshi qadam, bu orqali kamida, birinchidan, davlat tomonidan bevosita va bilvosita futbolga sarflanayotgan xarajatlar kamayadi. Ikkinchidan, futbol xo‘jaligida ishlatilayotgan pullarning haqiqiy egasi borligidan, sarf-xarajatlar samarali amalga oshiriladi, qisman bo‘lsa-da. Nazorat paydo bo‘ladi.

To‘g‘ri-da, hozir pul beruvchi boshqa – masalan, xalq, uni taqsimlovchi boshqa – masalan, davlat korxonasi direktori. Uni sarflovchi, yana boshqa – masalan, futbol klubi rahbari bo‘lgach, o‘rtada juda katta pullar «yo‘qolib» ketishiga sharoit ko‘proq.

Xo‘p, aytaylik, «Paxtakor»ni xususiy klub deyishmoqda. Uning xo‘jayini katta tadbirkor, klubga pul tikib, klubni rivojlantirishga intilyapti. «Paxtakor» boshqaruv borasida ham, tarkib, natijalar borasida ham boshqalardan bir bosh baland bo‘lib borayotgani ham shundan, zero men masalan, so‘nggi uch yilda «Paxtakor» ko‘p pul sarfladimi yoki «Lokomotiv»mi, aniq aytolmayman. Menimcha, bu yerda ko‘proq, aniq belgilangan relsda, «Lokomotiv» emas, «Paxtakor» ketayotganidir, kim biladi.

Bu holatga qarab turib, qaniydi, Superligadagi 14 klubni 14 oligarx sotib olsa-da, ajoyib raqobat ostida chempionatimizni kuzatsak, deyish ham mumkin. Rostdan ham, agar shunday bo‘lsa, Superliga yanayam kuchayar, yaxshi legionerlar kelar, futbolning sifati ham oshib, mahalliy futbolchilar saviyasi ham oshar, terma jamoa ham hozirgidan ancha ko‘p salohiyatli nomzodlarga ega bo‘lardi, to‘g‘rimi? Demak, futbolimizdagi yechim klublarning xususiylashtirilishi, ya'ni qayerdandir 14 oligarxning topilishi ekan-da, shu qadar osonmi?

Yo‘q. 14 oligarx futbolimizni nari borsa Xitoy Ligasiga o‘xshatib qo‘yishi mumkin, xolos. Bu shunchaki klublarni, raqobatni, futbolchilarni vaqtinchalik rivojlantirishi mumkin, lekin futbolning taraqqiyotida qadamlardan biri bo‘ladi. Ertaga 14 oligarx futboldan zerikib, klublarni moliyalashtirishni to‘xtatsa yoki kamaytirsa, yana muammoga qaytib qolaveramiz. Sababi, masalan, yevropalik oligarxlarning futboldan zerikmasligiga boshqa omillar ham ta'sir qiladi. Sababi, professional klub deganda, xususiy cho‘ntakdan pul oladigan emas, o‘zi futbolda daromad qiladigan klublarni tushunishimiz lozim. Busiz klub hech qachon chinakamiga professional bo‘la olmaydi.

Futbol daromadlari deganda asosan, quyidagi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqishimiz mumkin:

  • Translatsiyalar orqali keladigan daromad