O‘zbekiston | 17:47 / 16.02.2020
23937
15 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yil uchun davlat dasturi, AQShda saralanayotgan nomzodlar, Suriyada yangi urush xavfi va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e’tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Propiska, aviakompaniyalar va Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi

11 fevral kuni prezidentning «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unga ko‘ra, Toshkentda 2020 yil 1 apreldan doimiy propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berilishi mumkin.

Farmon loyihasida O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi va respublikaning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish ham ko‘zda tutilgan.

Davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda 5ta yangi aviakompaniya tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, yangi aviareyslar uchish va qatnovlar davriyligini oshirish asosida mavjud aviaqatnovlar soni qo‘shimcha 2800taga ko‘paytiriladi. Shuningdek, IATA (Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi) Summer-2021 yozgi mavsum boshlangunicha, «Ochiq osmon» rejimi tatbiq etilgan mamlakatning xalqaro aeroportlarining har birida yangi 10ta xalqaro aviareysni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirilgan. ora-tadbirlar dasturida fuqarolariga vizasiz rejim joriy qilinadigan mamlakatlar sonini yanada ko‘paytirish, turizm sohasida nufuzli xalqaro reytinglarda, xususan, Butunjahon sayohat va turizm kengashi (World Travel & Tourism Council) reytingida O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan.

12 fevral kuni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro aviatsiya forumi bo‘yicha matbuot anjumanida Transport vaziri Elyor G‘aniyev kelgusi 5 yilda aviatsiya bozorida raqobat muhiti kuchayishi, monopoliya butkul tugatilishi va 5-6ta yangi aviatashuvchi tashkil etilishi haqida gapirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda aviakompaniyalar uchun aeroport yig‘imlari 20 foizga, aviayoqilg‘i narxi o‘rtacha 100 dollarga arzonlashtirilishi ma’lum qilindi.

Xorijiy aviatashuvchilarni ular O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish sharti bilan jalb etishni rejalashtirmoqda. Hozirda to‘rtta kompaniya bilan muzokaralar boshlangan. 19-20 fevral kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar maydonida «Uzbekistan Airports, Aviation&Logistic Forum» (UAALF-2020) xalqaro aviatsiya forumi doirasida xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib boriladi.

2020 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega shaxslar toifasini kengaytirish taklif etilmoqda. 

Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub’yektlar qatoriga jismoniy va yuridik shaxslar, prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlarini kiritish nazarda tutilgan.

Konstitutsiyaviy sudning ko‘rib chiqishi uchun masala Konstitutsiyaviy sudning kamida uch sudyasi tashabbusi bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekistonda sud qarorlarini ijro etish tizimini ilg‘or xalqaro amaliyot asosida qayta ko‘rib chiqib, nodavlat ijrochilar instituti tashkil qilish, xususiy ijro byurolari faoliyati yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

AQShda saylovlarga start berildi

Trampga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan nomzodlar Sanders, Buttidjich, Uorren va Bayden

Fevral oyida AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari rasman boshlandi. Avval Ayovada kokus, Nyu-Hempshirda praymeriz bo‘lib o‘tdi. Demokratik partiyada dastlabki ovoz berishlardan so‘ng, 4 yil avvalgi saylovlarda ham Hillari Klintonga oxirigacha qarshilik ko‘rsatgan 78 yoshli senator Berni Sanders yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni 38 yoshli Pit Buttidjich, Minnesota shtatidan senator bo‘lgan 59 yoshli Emmi Klobushar hamda Massachusets shtatidan AQSh senatori, 70 yoshli Elizabet Uorren band etgan. Saylovga nomzodini qo‘yganida favorit bo‘lgan va o‘tgan yilgi so‘rovlarda birinchi bo‘lgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden esa AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp tomonidan unga qarshi olib borilgan kampaniya ta’siri tufayli o‘z pozitsiyalarini boy bergan - praymerizda beshinchi bo‘lgan bu nomzod hozircha birorta delegat ovoziga ega emas.

Fevral oyi oxirigacha yana ikkita praymeriz bo‘lib o‘tadi - 22 fevral kuni Nevadada, 29 fevral kuni Janubiy Karolinada. 3 mart kuni esa AQShd «superseshanba» bo‘lib o‘tadi - shu kunga birayo‘la 15ta shtatda, jumladan, Texas va Kaliforniyada saylovlar belgilangan.

«Superseshanba»ni yutganlar poygada katta ustunlikka ega bo‘ladi. Bu yil «superseshanba» mart oyining dastlabki seshanbasiga to‘g‘ri kelmoqda. Demak, 16 iyunda vakillar tanlash yakunlangach, 13-16 iyul kunlari Miluoki shtatida o‘tkaziladigan partiya yig‘ilishida demokratlar partiyaning asosiy nomzodini tanlab oladi. Prezidentlik saylovlari esa 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi, bu AQSh tarixidagi 59-prezidentlik saylovi bo‘ladi.

Idlibdagi keskinlik

Bashar Asad armiyasi askarlari Idlibda / Getty Images

Prezident Bashar Asad boshqaruvidagi Suriya armiyasi o‘tgan yil dekabrida Eron ta’siridagi kuchlar bilan birgalikda mamlakat shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatiga yurish boshlagandi.

Fevral oyi boshida Idlibdagi vaziyat keskinlasha boshladi. 10 fevral kuni Asad armiyasi bergan artilleriya zarbalari oqibatida turk harbiylari halok bo‘ldi. Turkiyaning so‘nggi haftalardagi yo‘qotishlari 14 harbiyni tashkil qilmoqda. Turkiyadagilar nafaqat javob zarbasi qaytarishni, balki Suriya hukumati qo‘llayotgan Rossiya bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni ham talab qila boshlashdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an agar Idlibda yana bir turk askari jabrlansa, Anqara Suriya kuchlariga «har qayoqda» javob zarbalari berishini ma’lum qilgan.

U hatto ultimatum qo‘ygan: fevral oyi oxirigacha Rossiya tomonidan qo‘llanayotgan Asad kuchlari Idlibdan chekinishi va turklarning postlari atrofidan ketishi kerak.

Turkiya ayni vaqtda Idlibdagi kuzatuv postlari va harbiy bazalariga 12 ming harbiysini joylashtirgan, yuzlab tanklar va harbiy texnikalar postlarni kuzatish uchun jo‘natilmoqda.

Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Aleksey Yerxov Idlibdagi keskinlashuv ortidan unga turli tahdidlar kela boshlaganini ma’lum qilgan. Rossiyaning avvalgi elchisi Andrey Karlov 2016 yil dekabrida Anqarada otib o‘ldirilgandi. Ekspertlarning hisoblashicha, so‘nggi voqealardan keyin Turkiya va Rossiya o‘rtasiga yana sovuqchilik tushishi mumkin.

Koronavirusning Yevropadagi ilk qurboni

Foto: GETTY IMAGES

16 fevral tongidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Covid-19 koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan pnevmoniya kasalligiga chalinganlar soni 69264 kishini tashkil qilmoqda. Xitoyning materikdagi qismida bir kunda 2009ta yangi holat qayd etildi, mamlakat hududidagi bemorlar soni 68500 nafarga yetgan.

Xitoyda bu virus qurbonlari soni 142taga oshdi va qurbonlarning jami soni 1668tani tashkil qilmoqda. Qurbonlar orasida 6 nafar shifokor ham bor, Xitoyda 1100dan ortiq tibbiyot xodimlari virusni yuqtirib olgan.

Yaponiya, Fransiya va Filippinda ham bittadan o‘lim holati qayd etilgan. XXRdan kelgan 80 yoshli sayyoh koronavirusning Yevropadagi ilk qurboni bo‘ldi.

Buyuk Britaniyada sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari Londondagi konferensiyaga kelgan yuzlab ishtirokchilar bilan bog‘langan, ulardan biriga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Hozircha Britaniyaning 9 fuqarosida kasallik aniqlangan.

Misr sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat hududida xorijlik sayyohlardan birida koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi - bu Afrika hududidagi ilk holatdir. U karantinga joylashtirilgan.

Vetnamda 10dan ortiq virus holati aniqlangach, o‘n mingdan ortiq kishi karantinga joylashtirilgan. Umuman, Xitoydan tashqaridagi 24 davlatda 500dan ortiq virusdan zararlanish holati qayd etilgan.

AQSh Davlat departamenti Shimoliy Koreya hududida kasallik keng tarqalishi mumkinligidan xavotir bildirgan, bu davlat hukumati hozirga qadar kasallik bilan bog‘liq hech qanday ma’lumot bermagan.

Qizil Xoch jamiyati Shimliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishni va u yerga dori-darmon yetkazishni osonlashtirishni so‘ramoqda. Mamlakatda virusni aniqlash vositalari hamda virus tarqalishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun himoya vositalariga zarurat yuzaga kelgan.

JSST maslahatchisi Ayra Lonjini esa epidemiya hali o‘z cho‘qqisiga yetmagani, virus Yer aholisining uchdan bir qismini qamrab olishi mumkinligidan ogohlantirgan. Uning prognozi Bloomberg agentligi tomonidan keltirilgan.

Koronavirus infeksiyasidan 6465 kishi sog‘ayib ketgan. Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi biologik markazi direktori Chjan Sinmin ma’lum qilishicha, mamlakatda koronavirusga qarshi vaksinalar sinovdan o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi ma’lumotiga ko‘ra, 1-14 fevral kunlari davomida Xitoyning 451 nafar fuqarosi O‘zbekiston hududiga kirib kelgan va ular o‘rtasida kasallik aniqlanmagan (tibbiy kuzatuv olib borilmoqda). Bundan tashqari, 4-6 fevral kunlari O‘zbekistonga Xitoydan kelgan 584 nafar O‘zbekiston fuqarosi «Bo‘ston», «Energetik» sanatoriylari va 6-sonli shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan bo‘lib, ular o‘rtasida ham koronavirus aniqlanmagan.

Ayni vaqtda, 14-15 fevral kunlari 6-sonli klinik shifoxona va «Energetik» sihatgohiga joylashtirilgan fuqarolar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi-xodimlardan jami 389ta qayta laboratoriya tahlili uchun namuna olindi. Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlari davomida epidemiologik ko‘rsatmaga asosan 15 fevraliga qadar jami 1 352 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirildi va koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.

Rektorlarning ommaviy ravishda ishdan olinishi

14 fevral kuni Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektorlari lavozimidan ozod etildi.

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov Namangan davlat universiteti rektori lavozimida Muzaffar Esanovni, Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov Toshkent davlat pedagogika universitetida Shavkat Sharipovni, Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov Toshkent kimyo-texnologiya institutida Shuhrat Mutalovni almashtirgan.

Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori lavozimida ishlab kelayotgan Jasur Rizayev ham lavozimdan olinib, 16 yildan buyon Samarqand davlat tibbiyot institutiga rektorlik qilib kelgan Azamat Shamsiyev o‘rniga tayinlandi.

Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Abdug‘ani Xolbekov lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rnini Toshkent davlat pedagogika universitetining sobiq rektori Shavkat Sharipov egallagan.

31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim masalasida fikr bildirib, rektorlar faoliyatini tanqid qilgan hamda ko‘plab rektorlar ishdan olinishi haqida gapirgandi.

«Yaqinda ko‘p rektorlar ishdan olinadi. Mening stolimda turgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu rektorlar bilimi, saviyasi va vatanparvarlik darajasi bilan rektor bo‘lish u yoqda tursin, hatto qorovul bo‘lishga arzimaydi», degandi prezident.

Oltinsoydagi mojaro

14 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanining «Xalqabod» mahallasi hududida uyi buzilishidan norozi aholi va IIB xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergani tasvirlari tarqaldi.

Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa 8 fevral kuni ro‘y bergan bo‘lib, mazkur jarayonda ayrim fuqarolar qo‘llariga turli buyumlar — tayoq, bolta, belkurak va toshlar bilan ishchi guruh vakillariga hujum qilganliklari oqibatida o‘rtada janjal kelib chiqqan. Ko‘rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, vaziyat barqarorlashtirilgan.

Ushbu jarayonda ikki nafar tuman IIB xodimlari hamda bir nafar fuqaro tan jarohati olgan.

16 fevral kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu nizoli holat yuzasidan bayonot berdi.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid