Jahon | 08:02 / 10.03.2020
7943
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada butun mamlakat bo‘ylab harakatlanishga cheklov kiritildi

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakatida koronavirus epidemiyasi avj olayotgani sababli butun Italiya bo‘ylab aholining harakatlanishiga qat'iy cheklovlar kiritishga qaror qildi. 

Foto: AP Photo/Antonio Calanni

“Endi faqat bitta “qizil hudud” bo‘lmaydi. Cheklovlar endi butun Italiyaga taalluqli bo‘ladi”, deb aytgan bosh vazir. Bungacha harakatlanishga cheklovlar Lombardiya muxtor viloyati va bir qator shimoliy viloyatlar uchun amal qilayotgandi.  

“Men uyda qolaman” deb nomlangan yangi choralar 10 mart kunidan kuchga kiradi. Italiyadagi maktablar va universitetlar 3 aprelgacha ishlamaydi, mamlakat bo‘ylab ish, davolanish yoki ortga surish mumkin bo‘lmagan jiddiy sabablar yuzaga kelgandagina harakatlanishga ruxsat beriladi.

Jamoat transporti italiyaliklar ishlariga muammosiz yetib olishlari uchun odatdagidek ishlaydi.

Shuningdek, sport tadbirlari o‘tkazilishiga cheklov kiritiladi. Bu Italiya A seriyasi o‘yinlari ham to‘xtatilishini anglatadi. Cheklovlar havaskorlik sporti uchun ham taalluqli bo‘ladi. Jumladan, fitnes-markazlarini ham vaqtincha yopishga qaror qilingan. 

“Statistika og‘ir kasallar va afsuski, vafot etayotganlar soni ko‘payayotganini ko‘rsatmoqda. Biz shu sababli odatlarimizni o‘zgartirishimiz kerak bo‘ladi. Har bir odam Italiyaga bunday vaqtda yordam berish uchun nimadandir voz kechishiga to‘g‘ri keladi”, deb aytgan Italiya bosh vaziri. 

Italiyaliklarning xorijga chiqishiga cheklov kiritilmaydi. Biroq Italiyaga kirayotganlar koronavirus bor-yo‘qligiga tekshiriladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 114 mingdan oshib ketdi. 4027 ta holatda o‘lim qayd etilgan. Jumladan, Italiyada kasallar soni 9172 nafarga, vafot etganlar soni 463 nafarga yetdi. 

Mavzuga oid