Kun.uz sayti yurtdoshlarimizdan kelgan murojaatlar, munozaralarga sabab bo‘layotgan mavzular yuzasidan maqolalar, jurnalistik surishtiruvlarni muntazam yoritib keladi. Maqolalar saytda e'lon qilinganidan keyin odatda yanada ko‘proq muhokamalar boshlanadi, turli-tuman fikrlar bildiriladi, kerakli choralar ko‘riladi.

Ammo har doim ham ko‘zlangan natijalarga erishiladimi? Maqolalar, jurnalistik surishtiruvlarda tilga olingan muammolar o‘z yechimini topadimi? Mutasaddi tashkilotlar buning uchun nimalar qilishmoqda?

Nomi dastlab g‘alati tuyilishi mumkin bo‘lgan «Nimaga erishdik?» deb nomlangan yangi loyiha orqali aynan shu savollarga javob topish niyatidamiz.

Demak, 2020 yilning o‘tgan ikki oyidagi eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan jurnalistik surishtiruvlarning ayrim natijalarini tahlil qilib chiqamiz.

Yodingizda bo‘lsa, 11 fevral kuni «Qonunan taqiq yo‘q. Ammo umra uchun viza ololmayapmiz». Xususiy turfirmalarning vakillari sohadagi monopoliya zararlari haqida» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi. Unda umra vizasi olishda, bunday xizmatlarni taqdim etishda nodavlat turfirmalar duch kelayotgan muammolar batafsil yoritilgandi.

Qizig‘i, bu tasodifmi, yoki saytda chiqqan maqola sababmi, Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan 11 fevral kuni Haj va Umra masalalariga oid matbuot anjumani uyushtirildi. Shuningdek, qo‘mita va idora ayni shu masalada Kun.uz savollariga batafsil javob qaytardi. Balki bu javoblardan kimdir qoniqmagandir, ammo Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasining ochiqlik sari qadamini ta'kidlamay iloj yo‘q. Chunki bu tashkilotlardan uzoq yillar davomida ma'lumot olish ancha mushkul edi, endi hammasi ijobiy tomonga o‘zgarmoqda, deyish mumkin.