Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oddiy sharoitlardan mosuvo nilobaliklar: Sariosiyoda ularga javob yozadigan emas, eshitadigan mutasaddilar kerak
Tasavvur qiling, qishloqda aholi yashab turgan manzilga tabiiy gaz va ichimlik suvi o‘tkazilmagan. Elektr energiyasi uchun ham aholining o‘zi amal-taqal qilib sim tortgan. Bunday sharoitda bemalol yashash mumkinmi?
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Neloba qishlog‘i Sangloq guzarida joylashgan 12ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan tahririyatga murojaat kelib tushdi.

Kun.uz ijodiy guruhi Nilobada bo‘ldi va murojaatchilarga mikrofon tutdi.
Masalan, Muzrob Muhayyorov bu yerda 2012 yilda ko‘chib o‘tgan. Uning aytishicha, shundan beri bu yerda yashash uchun eng birlamchi sharoitlar yo‘q.

Sohiba Eshmirzayeva ham yaxshi niyatlar bilan shu guzarda imorat ko‘targaniga uch yil bo‘lmoqda. Uyga egalik qilish uchun barcha hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ammo elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv muammosi saqlanib qolmoqda.
Guzar aholisi prezident portaliga va boshqa idoralarga ketma-ket murojaat qilib kelishgan. Bu ishda bosh-qosh bo‘lgan insonlardan biri Xolbobo (Xolmurod) aka Xolmatov olamdan ham o‘tibdi...
Odamlar mas'ul idoralar «barcha muammolar hal qilindi», deb yo‘llanayotgan murojaatlarni yopib, hisobot topshirib yuborishganini ham kuyunib gapirishdi.

Ayni paytda guzarga tabiiy gaz o‘tmagan. Holbuki, bir ko‘cha narida quvurlarda gaz oqib yotibdi. Ular ichimlik suvini sotib olib, yertosti hovuzlarida saqlab, uni yana nasos yordamida tortib olib foydalanmoqda.



Elektr energiyasi esa simyog‘ochlarga past kuchlanishli oddiy montaj simlari bilan tortilgan.
Guzarga elektr energiyasi o‘tkazish uchun simyog‘ochlar o‘rnatilishi kerak, bir ko‘cha naridagi tabiiy gaz tarmog‘iga ulanish uchun qo‘shimcha Gaz taqsimlash punktiga ruxsat berilsa bas. Buyog‘ini aholining o‘zi quvur ulab eplab oladi.


Hozir esa ular uylarni isitish uchun o‘tindan, shuningdek, shundoq ham noto‘g‘ri o‘tkazilgan va quvvati past elektr energiyasidan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda.


Nilobaliklar o‘zlarini qiynayotgan muammolar mas'ul mutasaddilar tomonidan hal tezroq qilishini istashadi.
Biz mas'ul mutasaddilarni nomma-nom tilga olib, ularni koyishdan va tergashdan yiroqmiz. To‘g‘ri, bunday kamchilik va yetishmovchiliklarga ega olis qishloqlar kam emas. Lekin, matbuot orqali ko‘rsatilayotgan muammo va kamchiliklar paydar-pay hal qilinsa ham sekin-asta ko‘zlangan natijaga erishilgan bo‘lar edi.
Kun.uz mazkur murojaat yuzasidan qilinadigan ishlar va rejalar bo‘yicha Surxondaryodagi mas'ul idoralardan rasmiy munosabat kutib qoladi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
17:06 / 06.05.2026
Sangardakda yo‘qolgan 2 yoshli bola: otasi farzandini o‘g‘irlab ketishganidan shubha qilmoqda
18:20 / 20.11.2025
Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari ozodlikdan mahrum qilindi
13:39 / 02.11.2025
Surxondaryodagi ayiqlar makoni – Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i | Manzil
17:07 / 23.09.2025