Jamiyat | 16:00 / 06.02.2020
15281
7 daqiqa o‘qiladi

Hazoraspdagi savdo kompleksi qachon ishga tushiriladi? Tadbirkorlar buni 7 yildan beri kutmoqda

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidagi yangi savdo kompleksi qurilishi 2013 yilda boshlangandi. Minglab tadbirkorlar juda katta mablag‘ evaziga do‘kon sotib olishdi. Ammo bozor hanuz ishga tushirilmagan.

Foto: KUN.UZ

Hazorasp nafaqat Xorazmda, balki butun O‘zbekistonda dong‘i ketgan shaharcha hisoblanadi. Bu yerda respublikadagi eng katta ulgurji va chakana buyum bozorlaridan biri joylashgan. Har kuni minglab odamlar shu yerga mamlakatning turli burchaklaridan kelib savdo qilishadi. Bu bozor 1992 yildan shakllana boshlagan. Vaqt o‘tgach ancha eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘ygani tufayli 2013 yilda yangi zamonaviy savdo kompleksining qurilishi boshlangan. Minglab tadbirkorlar 40-50 mln. so‘m evaziga bozor hududidan do‘kon sotib olishgan. Bu o‘sha vaqtning hisobida 15-18 ming AQSh dollariga to‘g‘ri kelgan.

Tadbirkorlar yangi bozorning pudratchisi «Hazorasp ulgurji savdo kompleksi» direksiyasi bilan shartnoma imzolab, unda ko‘rsatilgan mablag‘ni o‘tkazib berishgan. Rejaga ko‘ra, 8,6 gektar hududda barcha sharoitlarga ega zamonaviy savdo kompleksi qad rostlashi, mingdan ortiq do‘konlar qurilishi, ular tayyor holga keltirilib, kaliti egalariga topshirilishi lozim edi. Biroq, oradan 7 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay, rejadagi ishlar yakuniga yetkazilmadi, shartnoma shartlari bajarilmadi va yangi savdo kompleksi ishga tushirilmadi.

Ayni paytda qurilishi chala qolgan bozorning ahvoli achinarli bo‘lib turibdi. Juda katta mablag‘ evaziga qad rostlagan do‘konlarning devorlari nurab, suvog‘i to‘kilib bormoqda. Tomning qoplamasi buzilib, yaroqsiz holatga kelyapti. Ba'zi do‘konlar qarovsiz turgani sababli chiqindixonaga aylangan.

Hazoraspning eski buyum bozorida ahvol bundan ham achinarli ekani, savdo–sotiq qilish sharoitlari deyarli yo‘qligini ko‘rish mumkin. Bu hudud yog‘ingarchilik oqibatida botqoqqa aylanyapti, issiq va quruq ob-havo sharoitida chang-to‘zon bilan qoplanyapti. Bozorning sanitariya holatini gapirmasa ham bo‘ladi. Tadbirkorlar juda qiyin vaziyatda qiynalib qolishayotgani, har xil kasalliklarga chalinayotganidan shikoyat qilishmoqda. Mana shunday muammolarni bartaraf qilish uchun ham yangi savdo kompleksi ishga tushirilishi lozim edi.

Qayd etish joizki, 2018 yilning mart oyida yangi savdo kompleksining tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazilgan, bu ko‘plab tadbirkorlarni xursand qilgan edi. Endilikda bu ish faqat nomigagina, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilingani oydinlashdi. Oradan 2 yil o‘tgan bo‘lsa-da, savdo kompleksi hali ishga tushirilgani yo‘q.

Eski buyum bozorini nazorat qiluvchi «Hazorasp universal savdo kompleksi» AJ rahbari Madiyor Qo‘chqarovdan yangi savdo kompleksi ishga tushirilishiga to‘sqinlik qilayotgan sabablar haqida so‘radik.

«Hazoraspning yangi savdo kompleksi qurilishi rasman tugallanmagan. Bu bilan «Hazorasp ulgurji savdo kompleksi» direksiyasi shug‘ullanadi. Biz bu kompleksni dalolatnoma asosida rasman qabul qilib olmaganmiz. Uning qachon ishga tushirilishini bilmaymiz. Ungacha esa eski bozorni yopa olmaymiz.

Yangi savdo kompleksining qurilish smetasi 63 milliard so‘mni tashkil qiladi. Ammo faqat 43 milliard so‘m mablag‘ to‘plandi. Sababi ikkinchi qavatda joylashgan do‘konlarga xaridor topilmagan va ularning qurilishi tugallanmay qolgan. Hozir shu do‘konlarga xaridor izlanyapti», deydi u.

Rahbarning so‘zlariga ko‘ra, «tanganing ikkinchi tomoni ham bor», ya'ni yangi savdo kompleksining ishga tushirilishi o‘tkir ijtimoiy muammolarni yuzaga chiqarishi mumkin.

«Bu bilan bog‘liq yana bir muammo ijtimoiy ahamiyatga ega. Eski bozorda ko‘plab tadbirkorlar savdo qiladi. Shu yerda kunini ko‘radi, daromad olib, oilasini boqadi. Ularning hammasi ham yangi savdo kompleksidan do‘kon ololmaydi. Eski bozorni yopib, hammani yangi savdo kompleksiga ko‘chirsak, bu ijtimoiy muammolarni yuzaga chiqarib, norozilik kayfiyatini oshirishi, tajanglikni yuzaga chiqarishi mumkin. Bu muammoni silliq hal qilish uchun vaqtinchalik rastalar haqidagi qaror chiqarilgan. Ya'ni, do‘koni yo‘q tadbirkorlarga yangi savdo kompleksi hududida shu rastalarda savdo qilishiga vaqtinchalik ruxsat beriladi», deydi Qo‘chqarov.

Hozirgi kunda 1200ta savdo rastasi yangi savdo kompleksi hududiga keltirilgan va tadbirkorlarga sotilgan. O‘z navbatida bu jarayon do‘koni bor tadbirkorlarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Juda katta mablag‘ evaziga do‘kon sotib olgan tadbirkorlar bozor hududida rasta qo‘yilishini adolatdan emas deb hisoblashmoqda. Mana shu joyda muammo yopiq zanjir halqasi ko‘rinishiga kelmoqda.

Yangi savdo kompleksi qurilishining pudratchisi «Hazorasp ulgurji savdo kompleksi» direksiyasi rahbari Otabek Matyaqubovdan ham vaziyat bo‘yicha izoh oldik.

«Bu lavozimga yaqinda tayinlandim. Direksiyaning avvalgi rahbariyati tomonidan bir do‘konni bir necha tadbirkorga sotish holatlari ham bo‘lgan ekan. Shu masalada bir necha sud jarayonlari o‘tkazildi. Natijada, yangi savdo kompleksini ishga tushirish orqaga surildi. Hozirgi vaqtda 2-qavatdagi do‘konlarni qurish uchun 1 milliard so‘m kredit olganmiz. Bundan tashqari, barcha do‘konlarning kadastr hujjatlarini tayyorlash jarayonini boshladik. Hujjatlashtirish yakunlanganidan so‘ng bozorni ishga tushiramiz», deydi Otabek Matyaqubov.

Direksiya rahbari hujjatlashtirish ishlari qachon yakunlanishi va bozor qachon ishga tushirilishi haqidagi savolga aniq javob bera olmadi.

«Mingdan ortiq do‘konning kadastr hujjatlari tayyorlanishi kerak. Albatta bunga oz vaqt ketmaydi. Balki shu yilning may oyi o‘rtalarigacha yakunlanishi mumkin», dedi u.

Hazorasp tumani erkin iqtisodiy hudud hisoblanadi. Bu yerda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholini barqaror daromad manbai bilan ta'minlash, xalq turmush farovonligini yuksaltirish maqsadida xorijiy investitsiya va texnologiyalarni jalb etgan holda 50dan ortiq turli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda xorijlik investorlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda, ularning faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti. Ammo o‘zimizning tadbirkorlarchi? Qachon ularga munosib sharoitlar yaratib beriladi, muammolariga e'tibor qaratiladi? Qachon «oldimizdan oqayotgan suvning qadriga» yetishni o‘rganamiz?

Afsuski, Hazoraspdagi yangi savdo kompleksi bilan bog‘liq muammolar chuqur ildiz otib ketgan. Tadbirkorlar bozor ishga tushirilishini 7 yildan beri kutishmoqda. Bozor ishga tushishining ortga surilaverishi esa yangidan-yangi muammolarni keltirib chiqaraveradi.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid