Jamiyat | 11:20 / 05.01.2020
8477
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga munosabat: Yerto‘lasi hovuzga aylangan «dom» muammosi bartaraf etilmoqda

Kun.uz saytida Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasi kanalizatsiya suviga to‘lib qolgani haqidagi tanqidiy material e'lon qilingan edi.

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi maqolada ko‘rsatilgan vaziyat yuzasidan munosabat bildirib, shu kunning o‘zida muammo joyida o‘rganib chiqilganini ma'lum qildi.

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Sattorov imzosi bilan tahririyatga taqdim etilgan munosabatda shunday deyiladi:

«Samarqand shahar Sattepo maskanida joylashgan 17-«A»-uyning yerto‘lasida to‘planib qolgan oqova suvlari bo‘yicha Kun.uz saytida e'lon qilingan muammoli vaziyat yuzasidan viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, masalani joyida o‘rganish ishlari o‘tkazildi.

O‘rganish jarayonida mazkur 17-«A» uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yangi yilga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan o‘zboshimchalik bilan oqova (kanalizatsiya) tarmog‘iga turli chiqindilar tashlanishi oqibatida, kanalizatsiya quvurida tiqilish hosil bo‘lgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan ushbu ko‘p qavatli uy-joyga xizmat ko‘rsatuvchi «Samarqand omad kommunalchi» professional boshqaruv tashkiloti va «Do‘stlik» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan zaruriy choralar ko‘rilib, mazkur uyning yerto‘la qismidagi to‘plangan oqova (kanalizatsiya) suvlarini tozalash ishlari olib borilayotgani hamda kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etilishini ma'lum qilamiz.

Shuningdek, Sattepo maskanida joylashgan 17-«A» uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarga Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi «Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi №194-sonli qaroriga asosan oqova (kanalizatsiya) tizimlariga belgilanmagan chiqindilar tashlash mumkin emasligi belgilab qo‘yilgani bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi».

Mavzuga oid