Qarshi shahri markazidagi «Tabassum» mahallasida joylashgan 31-ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqaroning murojaatiga asosan borganimizda, yerto‘la suvga to‘lib qolganiga guvoh bo‘ldik. Bundan tashqari, qo‘lansa hid ta'siridan yerto‘lani hojatxonadan ajratish qiyin edi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu uy 15 kun oldin issiqlik tarmog‘iga ulangan. Ammo uydagi xonadonlarning faqat bittasidan tashqari birortasi issiqlik tizimiga ulanmagani, kerakli jihozlar bilan ta'minlanmagani sababli issiq suv bosimi oshib ketib, quvurlar ishdan chiqqan va yerto‘la to‘lib qolgan. («Dom»da faqat bitta xonadonda batareya bo‘lgani uchun issiq suvga ulangan ekan).

Oldinlari bir necha marta kanalizatsiya quvurlarida ham nosozlik paydo bo‘lib, yerto‘ladagi katta miqdorda kanalizatsiya oqovasi to‘planib qolgan. Kanalizatsiya qoldiqlari avariya sabab yerto‘laga to‘plangan to‘lgan issiq suv bilan qorishib, yerto‘lani haqiqiy qo‘lansagohga aylantirgan.

Ushbu uyni saqlovchi shirkat raisi quvurning ta'mirlangani va hademay suv asta-sekin qurib qolishini ma'lum qildi. Boshqacha aytganda, unda suvni tortib olish niyati yo‘q va odamlar esa suv qachon o‘zi qurishini kutishga majbur.

Voqea joyiga yetib kelgan Qarshi shahri hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov holatni ko‘zdan kechirib, o‘z munosabatini bildirdi. Hokim o‘rinbosari bir kun ichida suv maxsus texnika bilan tortib olinishini ma'lum qildi.

Bir kunda hal etish mumkin bo‘lgan bu muammo qarshisida qarshiliklarning haftalab aziyat chekkani ham kishini o‘ylantiradi...

Shu o‘rinda bir mulohaza, o‘rganish jarayonida mazkur ko‘p qavatli uyning holati achinarli ahvolga kelib qolganiga guvoh bo‘ldik. Ta'mirlash uchun esa shirkatda mablag‘ yo‘q ekan. Ma'lum bo‘lishicha, uydagi ko‘pgina xonadonlarda egalari yashamasligi, ayrimlari asosan ijaraga berilgan bo‘lib, xonadonlarning deyarli barchasi bir necha yildan beri shirkat xizmatlari uchun mablag‘ to‘lamas ekan. Deyarli hammaning shirkatdan millionlab so‘m qarzi bor. Shu sababdan ham yerto‘la «botqoq»qa aylanib qolgan bo‘lishiga qaramasdan bir nafar fuqarodan tashqari hech kim, hech qayerga murojaat ham qilmagan. Oqibatda, yuqoridagi vaziyat paydo bo‘lgan.