Mazkur infeksiya mamlakatimizga kirib kelgandan so‘ng ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qismi, ayniqsa kambag‘al oilalarga alohida e'tibor qaratish zaruriyati sezilmoqda. Bu borada fuqarolarimiz tashabbuslarini birlashtirish, ularni ezgu va savobli faoliyatini rag‘batlantirib borish va tizimlashtirish zarur.
Xo‘sh, bugungi sinovli kunlarda yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sa'y-harakatlari yetarlimi?
Albatta, hozirgi murakkab vaziyatda ijtimoiy ko‘makka muhtoj insonlarga manzilli yordam berish har qachongidan muhim ko‘rinmoqda. Ayniqsa, eng yuqori xavf ostidagi yoshi kattalar hamda surunkali kasallikka chalinganlarga oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy niqoblar va boshqa gigiyentik vositalarni yetkazib turish zarur hisoblanadi. Shu bilan birga, bosma nashrlarga obuna bo‘lish, internetdan foydalanishga imkoniyati va ko‘nikmasi bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda, o‘zgalarning daldasi, ko‘magi, tavsiyalariga muhtoj bo‘lgan oilalar ko‘pligi hech kimga sir emas.
Shu sababli og‘ir sinovli kunlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi volontyorlar, ya'ni ko‘ngillilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq. Prezidentimiz, qolaversa, barcha mas'ul tashkilotlar kunu tun harakat qilayotgan bir vaqtda, muhtoj oilalarga yordam qo‘lini cho‘zishga shay turgan, chetda tomoshabin bo‘lib turishni o‘ziga ep ko‘rmagan shaxslar faoliyatini rag‘batlantirish lozim.
O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunida volontyorlik faoliyatining maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam ko‘rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, o‘zini o‘zi tashkil etishni, ijtimoiy mas'uliyat, birdamlik, o‘zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ko‘ngillilik faoliyati xalqimizning ongiga va mentalitetiga chuqur singib ketgan ko‘p asrlik qadriyatlarga ega. Xususan, “hashar”, “jamoaviy ko‘ngillilik” kabilar volontyorlikning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Xorijda volontyorlar harakati pandemiyaga qarshi qanday kurash olib bormoqda?
Bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam ko‘rsatilayotgani bois ko‘ngillilar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagiga aylanib bormoqda.













