Vazirlar Mahkamasining «Umumta'lim obektlarida «Zamonaviy maktab» talablari asosida amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlarining nazorati tartibi to‘g‘risidagi nizom»ni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Belgilanishicha, nizom qoidalari moliyalashtirish manbaidan qat'iy nazar yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta'mirlanadigan barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlari uchun majburiydir.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash jarayonida loyihalash va qurilish-montaj ishlarining «Zamonaviy maktab» talablari asosida amalga oshirilishining nazorati quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:

nazoratni amalga oshirishning qonuniyligi, xolisligi va oshkoraligi;

yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya qilish;

xo‘jalik sub'yektlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash jarayonida loyihalash ishlari «Zamonaviy maktab» namunaviy loyihalariga mos ravishda amalga oshiriladi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash jarayonida loyihalar «Injiniring kompaniyasi» DUK tomonidan tayyorlanadigan texnik topshiriqlarga asosan ishlab chiqiladi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlashda buyurtmachi vazifasini amalga oshiruvchi tashkilotlar har yili oktabr oyining oxirgi kuniga qadar keyingi yilda amalga oshiriladigan yangi qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari uchun loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish maqsadida «Injiniring kompaniyasi» DUK bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzadilar. Shartnoma qiymat keltirilgan mezon asosida aniqlanadi.

«Injiniring kompaniyasi» DUK umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini «Zamonaviy maktab» namunaviy loyihalari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash jarayonida sifat monitoringini amalga oshiradi.

Sifat monitoringi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash jarayonida qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ish hajmlarining loyiha-smeta hujjatlariga mosligi, ishlatilayotgan materiallarning shaharsozlik normalari, qoidalari, texnik shartlar, sanitariya normalari va boshqa me'yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi yuzasidan olib boriladigan nazoratni nazarda tutadi.