Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyati Olot tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi Olot tumanini 2020-2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi:

2020-2022 yillarda Buxoro viloyatining Olot tumanida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;

2020-2022 yillarda Buxoro viloyatining Olot tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

2020-2022 yillarda Buxoro viloyatining Olot tumanida ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish va qayta tayyorlash parametrlari;

2020-2022 yillarda Buxoro viloyatining Olot tumanida yo‘l-kommunikatsiya tizimi va ijtimoiy sohani yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar;

Dasturni amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va tizimli nazorat qilinishini ta'minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda:

tumandagi yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida sobiq harbiy qism hududida joylashgan 4 qavatli yotoqxona binosini 60 ta (34 ta 2 xonali, 26 ta 1 xonali) xonadonga mo‘ljallangan turar joyga moslashtirib qayta qurish uchun tuman hokimligi balansiga o‘tkazish choralarini ko‘radi;

tumandagi 5-son umumiy o‘rta ta'lim maktabining sobiq binosi negizida 120 o‘rinli bolalar dam olish oromgohini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Qurilish vazirligi Moliya vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda tuman aholisiga qulayliklar yaratish maqsadida Istirohat bog‘i, Madaniyat markazi, Davlat xizmatlari markazi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi va “Dehqon bozori”ni qurish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi umumta'lim maktablarda 11 yillik ta'lim tizimi joriy etilganligini inobatga olib, tumandagi Buxoro muhandislik texnologiya instituti balansida bo‘lgan sobiq Olot sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bino va inshootlarini tuman xalq ta'limi bo‘limi balansiga o‘tkazib berish va ushbu binoga 31-son davlat umumta'lim maktab-internatini joylashtirish choralarini ko‘radi.