O‘zbekiston | 15:17 / 28.04.2020
12050
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda may oyi oxirigacha o‘pkaning sun'iy ventilyatsiya apparatlari ishlab chiqarish boshlanadi - Vazirlik 

Bektemir tumanida o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparati (IVL) va narkoz-nafas olish apparati (NDA) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Xirana Aziya” Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, korxona may oyining oxirigacha IVL ishlab chiqarishni boshlaydi.

Foto: Kirill Kallinikov

Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Slovakiyaning Chirana kompaniyasi va rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparatlari (IVL) ishlab chiqarish bo‘yicha texnologiyalar transferi amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri Bektemir tumanida o‘pkaning sun'iy ventilyatsiyasi apparati (IVL) va narkoz-nafas olish apparati (NDA) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Xirana Aziya” Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tashkil etilgan. Loyihaning umumiy qiymati 6 mln dollarga teng bo‘lib, 100dan ortiq ish o‘rniga ega. Joriy yil may oyining oxiriga qadar korxonada IVL ishlab chiqarish boshlanadi. 

“IVL apparatlari dunyo bo‘yicha 12ta mamlakatda ishlab chiqariladi. “Xirana” kompaniyasining apparatlari boshqa kompaniya modellaridan farqli ravishda bir bosqichli emas, uch bosqichli ventilyatsiyani amalga oshiradi. 

Shu bilan birga, mazkur loyiha doirasida O‘zbekistonga umumiy qiymati 20 ming AQSh dollari bo‘lgan 1000 dona nafas olish konturlari, 500 dona namlik kollektori bilan nafas olish konturlari va 1000 dona bir martali bakterial-virusli filtrlar beg‘araz foydalanish uchun topshiriladi”, dedi Nazokat Abduqunduzova 28 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda. 

Matbuot kotibiga ko‘ra, Yoshlar Akademiyasi startap platformasida oksigenatsiya niqobi va klapanining 3D modellari tayyorlangan bo‘lib, ularni 3D printerlar yordamida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid