Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyatining Yangiariq tumani, «Soburzon» mahallasida yashovchi fuqarolar ichimlik suvi bilan bog‘liq muammodan shikoyat qilishdi.
2017 yilda mahalladagi Shiddat, Oydin, Munojot va Muhtasham ko‘chalarida ichimlik suvi tarmog‘i ta'mirlanib, yangi quvurlar yotqizilgan. Odamlar «Tuyamo‘yin-Urganch» MSQF Yangiariq tumani bo‘limi bilan shartnoma imzolab, shaxsiy mablag‘lari evaziga tarmoqqa ulanib, oldindan to‘lovni ham amalga oshirishgan. Ammo oradan 3 yil o‘tgan bo‘lsa-da, ichimlik suvi ta'minotidagi muammolar to‘liq hal qilinmagan. Mutasaddi tashkilotlarga bu borada qilingan murojaatlar bo‘yicha turli va'dalar berilgan bo‘lsa-da, muammo o‘z yechimini topmagan.

Hozirgi vaqtda aholiga ichimlik suvi tarmoq orqali kuniga bir marta, muayyan soatda yetkazib berilmoqda. Ammo ko‘chalarning uzoq chekkasidagi uy-joylarga suv yetib bormayapti, borgan taqdirda ham bosim juda pastligi tufayli, undan foydalanish imkoni deyarli yo‘q.
O‘rganish jarayonida mahallaga suv yetkazib beruvchi quvurlar 2 joyda yorilib yotgani ma'lum bo‘ldi.

Jumladan, Oydin ko‘chasining boshidagi ichimlik suvi tarmog‘i qudug‘idan suv sizib chiqyapti va bebaho ne'mat behuda sarflanib, hisobsiz va nazoratsiz tarzda dalaga oqib yotibdi. Bu esa ko‘chaning chekkasidagi uy-joylarga, mahalladagi xususiy bolalar bog‘chasiga suv yetib bormayotgani sabablaridan biri bo‘lishi mumkin. Odamlar mana shu quduq to‘lgan paytda chelaklab suv olib, shuni iste'mol qilishga majbur bo‘lishayotganini aytishdi. Bu holat epidemiologik osoyishtalikka ham xavf solmoqda.

Ikkinchi avariya holati Yangiariq – Xonqa yo‘li chekkasida yuz bergan. Bu joyda ham toza ichimlik suvi quvurdan sizib chiqib, nazoratsiz tarzda dalaga oqib yotibdi.
Mahalla aholisi ichimlik suvi muammosidan qutulish uchun yer ostidan olinadigan sifatsiz suvni ichishga majbur bo‘lmoqda. Ba'zan tozalangan ichimlik suvini sotuvchi tadbirkorlar ham odamlarning og‘irini yengil qilib turishibdi.

Soburzon mahallasi aholisi murojaati yechimi nega 3 yildan beri paysalga solib kelinayotgani bizga qorong‘i.
















