O‘zbekiston | 15:17 / 28.05.2020
75046
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzuridagi institutning sobiq direktori davlatga xoinlik qilishda ayblanib 12 yilga qamaldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti sobiq direktori¸ 61 yashar Rafik Sayfulin 12 yilga qamaldi.

Rafik Sayfulin

2020 yil 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) 1-qismi va 248-moddasi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan Rafik Sayfulinga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir necha oy davomida o‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi.

Tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchining vajlari tekshirildi.

Sud sudlanuvchi R. Sayfulinni yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi, deyiladi xabarda.

R. Sayfulin 1994 yildan 1995 yilgacha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Statistika qo‘mitasida faoliyat olib borgan. 

Keyinchalik u O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori sifatida ishlagan.

Mavzuga oid