Bu haqda Germaniya Migratsiya va qochqinlar bo‘yicha federal idorasi statistikasiga tayanib, Funke mediaguruhi nashrlari 17-avgust kuni xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida Germaniya hukumatining o‘z vataniga yoki ularni qabul qilishga tayyor uchinchi davlatga ixtiyoriy qaytish istagida bo‘lgan xorijliklarga yordam berish dasturidan 9 276 kishi foydalangan.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 7 348 nafarni tashkil etgan. Demak, bir yil ichida dastur orqali Germaniyani ixtiyoriy tark etganlar soni qariyb 1,9 ming nafarga yoki 26 foizga ko‘paygan.

2025-yil davomida esa jami 16 578 nafar xorijlik Germaniya hukumatining qaytish dasturi doirasida mamlakatni tark etgan. 2024-yilda bunday migrantlar soni 10 358 nafar bo‘lgan.

Germaniyada 258 mingdan ortiq kishi mamlakatni tark etishi kerak

Germaniyaning Xorijliklar markaziy reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyi oxiri holatiga mamlakatda Germaniyani tark etishi shart bo‘lgan 258 845 nafar xorijlik bo‘lgan.

Biroq ularning katta qismi darhol deportatsiya qilinishi mumkin emas. Xususan, 199 271 nafar migrant Duldung, ya’ni mamlakatdan chiqarib yuborishni vaqtincha kechiktirish maqomiga ega.

Bunday maqom shaxsga Germaniyada doimiy yashash huquqini bermaydi, ammo muayyan sabablarga ko‘ra uni deportatsiya qilish vaqtincha amalga oshirilmaydi.

Olti oyda qariyb 19 ming kishi majburan chiqarib yuborildi

Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, federal va mahalliy hokimiyat organlari 2026-yil yanvar–iyun oylarida mamlakatdan 18 939 kishini chiqarib yuborgan.

Ayrim holatlarda deportatsiyani amalga oshirish uchun politsiya yordami talab qilingan. Shu bilan birga, mamlakatni ixtiyoriy tark etishga rozi bo‘lgan ayrim xorijliklarga davlat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Ixtiyoriy qaytish uchun qancha pul beriladi?

Federal dastur Germaniyani ixtiyoriy tark etib, o‘z vataniga yoki ularni qabul qilishga tayyor uchinchi davlatga ketishga rozi bo‘lgan xorijliklarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Dastur doirasida Germaniya hukumati aviachipta xarajatlarini qoplaydi. Bundan tashqari, har bir katta yoshli shaxsga 1000 yevro, har bir bolaga esa 500 yevro miqdorida moddiy yordam beriladi.

Shu tariqa, Germaniya hukumati mamlakatda qolish huquqiga ega bo‘lmagan xorijliklarni majburan deportatsiya qilish bilan bir qatorda, ularning ixtiyoriy ravishda qaytishini moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmidan ham foydalanmoqda.