«Avto 60 oy» kompaniyasining mansabdor şaxslariga nisbatan jinoiy iş böyiça dastlabki tergov yakuniga yetdi. Bu haqda Özbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Iş böyiça J. B., O. M., E. Q., M. X. va M. G. ayblanmoqda. Tergovda aniqlanişiça, ular 2018−2019 yillarda CATALEA MEDIA va Avto 60 oy kompaniyalariga asos solib, aholidan UzAuto Motors avtomobillarini dastlabki tölov va foizlarsiz bölib tölaşga sotib oliş uçun pul töplagan. Buning uçun fuqarolarga maşina rusumidan kelib çiqqan holda 2 mln sömdan 10 mln sömgaça qiymatdagi maxsus flayerlarni sotib oliş taklif qilingan.

Bu vaqt davomida «Avto 60 oy» 19,3 ming mijoz bilan şartnoma tuzib, 54,3 mlrd söm miqdorida mablağ jalb qilgan, uşbu pullarning bir qismi kompaniya hisobiga kiritilgan bölsa, bir qismi şaxsiy ehtiyojlar uçun sarflab yuborilgan. Tergov davomida yetkazilgan 47,7 mlrd sömlik moddiy zararning 36,8 mlrd sömi qoplangan.

J.B., O.M., E.Q., M.X.,ga Jinoyat kodeksining 179-modda (Soxta tadbirkorlik), 1881-moddasi 3-qismi «a,v» bandlari (Pul mablağlarini va (yoki) boşqa mol-mulkni jalb etişga doir noqonuniy faoliyat), 184-moddasi 2-qismi «a» bandi, 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki boşqa majburiy tölovlarni tölaşdan böyin tovlaş), 168-moddasi 4-qismi «a,v» bandlari (Firibgarlik) va 243-moddalari (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallaştiriş) bilan ayblov e'lon qilindi.

M.G.,ga nisbatan esa JKning 179-modda, 1881-moddasi 3-qismi «a,v» band, 184-moddasi 2-qismi «a» bandi, 184-moddasi 3-qismi, 168-moddasi 4-qismi «a,v» bandlari, 243-modda, 167-moddasi, 2-qismi «a, v, g» bandlari (Özlaştiriş yoki rastrata yöli bilan talon-toroj qiliş) va 228-moddasi 2-qismi «b» bandi (Hujjatlar, ştamplar, muhrlar, blankalar tayyorlaş, ularni qalbakilaştiriş, sotiş yoki ulardan foydalaniş), 228-moddasi 3-qismlari bilan avvalgi ayblov töldirilib, şu kuni dastlabki tergov harakatlari tamomlangan.

«Avto 60 oy» mansabdor şaxslariga qarşi jinoiy iş ötgan yilning oktabr oyida qözğatilgan edi.