O‘zbekiston | 13:20 / 09.06.2020
10500
7 daqiqa o‘qiladi

Xususiy notariuslarning moliyaviy mustaqilligi hamon ta'minlanmadi, xodimlar esa maosh olmasdan ishlamoqda

 Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar hamon adliya organlarining ta'siri ostida ishlayotganliklari va moliyaviy mustaqilligi ta'minlanmaganligi haqida shikoyat qilishmoqda.

Foto: 123RF

 2020 yilning 1 may sanasidan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshlagani va shu kuni Qo‘qon shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius F.Xojimatov tomonidan birinchi notarial harakat amalga oshirilgani haqida xabar berilgan edi.

Oradan bir oydan oshiq vaqt o‘tib, ushbu tizimda ayrim muammolar yuzaga chiqa boshladi. Tahririyatga xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslardan kelayotgan bir qancha murojaatlar shuni ko‘rsatmoqda.

“Hisob raqamlarimizga pul tushirishmayapti, xodimlarimizga oylik berishimiz kerak, o‘zimiz ham maosh olganimiz yo‘q. Buning natijasida ro‘zg‘or tebratishda qiyinchiliklar yuzaga kelyapti. Ayniqsa, har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq hozirgi karantin paytida xodimlarga o‘z vaqtida maosh berish lozim”, - deyiladi tahririyatga yo‘llangan murojaatlardan birida shaxsi sir qolishini istagan notarius.

“Xodimlar oyliklarini talab qilishyapti. Ularga nima deb javob berishni ham bilmayman, xijolatli ahvolda qoldim, Adliya vazirligi tomonidan respublikadagi notariuslar uchun tashkil etilgan telegram guruhida bir necha marta yozib, vaziyat bo‘yicha tushuntirish berishlarini iltimos qildik. Biroq hech kimdan tayinli javob olganimiz yo‘q”, - deyiladi yana bir murojaatda.

Respublikadagi notariuslarning telegram guruhlaridagi yozishmalardan (2020 yil 3-5 iyun kunlari)

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5816-sonli Farmoni bilan davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil qilishga rozilik berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi 156-son qaroriga muvofiq, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan notarial harakatlar amalga oshirilganligi uchun undiriladigan davlat bojining taqsimoti belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat bojidan tushgan tushumning 80 foizi tuman (shahar)lar budjetlari daromadiga, 10 foizi Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga, qolgan 10 foizi esa xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning bankdagi hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan bo‘ldi.

Notariuslarning bankdagi hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan mana shu 10 foizdan notariuslar o‘z xodimlariga maosh to‘lashi belgilangan.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, notarius yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritadi, bankda hisobvaraq ochadi, xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi va ularni bekor qiladi.

Nizomning 22-bandida esa notarius tomonidan undirilgan tushumlar davlat budjetiga soliqlar va boshqa to‘lovlar to‘langanidan so‘ng notariusning tasarrufiga o‘tishi belgilangan.

Ammo, tahririyatga kelgan murojaatlarda aytilishicha, ayni vaqtda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar undirgan davlat bojining notariusda qolishi kerak bo‘lgan 10 foizi va boshqa tushumlar ularning hisob raqamiga emas, avvalgi davlat notarial idoralari notariuslari uchun belgilangan g‘azna hisobvaraqlarida jamlanmoqda.

Notariuslarni qiynab turgan ushbu masala bo‘yicha Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etdi.

“Notariuslarning pul mablag‘larini to‘g‘ri taqsimlash, ularga qulaylik yaratish, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarni bartaraf etish uchun qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida maxsus dasturiy ta'minot – “Aqlli hisob raqam” (smart account) avtomatik hisoblash tizimini ishlab chiqdi va ishga tushirdi.

Ushbu tizim orqali tushayotgan mablag‘larni har bir notariusga to‘g‘ri taqsimlash uchun notariuslarning banklarda ochilgan hisob raqamlari G‘aznachilikning va “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimining avtomatlashgan dasturiga kiritildi.

Tizim orqali tushumlar barcha notariuslarga bir vaqtda taqsimlanishini inobatga olib, 468 nafar notarius tomonidan taqdim qilingan noto‘g‘ri ma'lumotlar (g‘azna, bank va shaxsiy hisob raqamlari, STIR, bank MFO raqamlaridagi xatoliklar yoki ko‘pchilik notariuslarning yuridik shaxs sifatida noto‘g‘ri STIR ochganliklari) to‘g‘rilangandan so‘ng, dastlabki tarzda test shaklida pullar qisman o‘tkazilib ko‘rildi.

Natijalar tekshirilib, tushumlar to‘g‘ri tushganligiga aniqlik kiritilgandan so‘ng, joriy yilning 3 iyun kunidan boshlab Tizim to‘la ishga tushirildi.

Undirilgan davlat bojining xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning shaxsiy hisob varaqlariga tushadigan qismi to‘liq o‘tkazildi, pullik xizmatning iyun oyidagisi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tmoqda, may oyidagi pullik xizmat to‘lovlari joriy yilning 5 iyun sanasiga qadar (ertagacha) to‘liq o‘tadi”, - deyiladi vazirlik izohida.

Ta'kidlash joizki, Adliya vazirligi mazkur izohni tahririyatga shu yilning 4 iyunida taqdim etgan edi. Biroq, bugun - 9 iyun kuni tahririyatga qayta bog‘langan notariuslar vaziyat o‘zgarmaganligini, o‘tgan davr mobaynida rasmiylashtirilgan notarial harakatlar uchun undirilgan davlat bojidan tegishli ulush va pullik xizmat pullari hamon tushirib berilmaganligini, bundan tashqari pullik xizmat uchun undirilayotgan yig‘imlar ham shaxsiy hisob raqamga emas, balki adliya organlarining g‘aznasiga tushirilayotganligini ma'lum qilishgan.

Kun.uz surishtiruvlari davomida mazkur muammolar respublikaning deyarli barcha hududlaridagi notariuslar faoliyatida kuzatilayotganligi aniqlandi.

Har jabhada qonun ustuvorligi ta'minlanishi tarafdori bo‘lgan vazirlikning bugunga kelib “o‘gay”ga aylangan tizimiga nisbatan bu yo‘sinda ish tutishini qanday baholash mumkin?..

Dilshod Abduqodirov

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid