Adliya vazirining 2026-yil 7-avgustdagi 26-mh-son buyruği bilan Notariuslar tomonidan ijro xatlarini yoziş tartibi töğrisidagi nizomga özgartirişlar kiritildi. Hujjat 7-avgust kuni 3757-1-son bilan davlat röyxatidan ötkazilgan bölib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuçga kiradi.

Özgartirişlarga muvofiq, qarzdor ijro xatiga qarşi e’tirozlarini bildirib, ijro xatini yozgan notariusga uni bekor qilişni sörab murojaat qiliş huquqiga ega. Buning uçun ijro xati nusxasi olingan yoki uning yozilgani ma’lum bölgan kundan boşlab 10 kunlik muddat belgilangan.

Bunday holatda notarius ijro xatini bekor qilib, tegişli qaror çiqaradi. Qarorda undiruvçi öz talabini da’vo işini yuritiş tartibida taqdim etişi mumkinligi tuşuntiriladi.

Ijro xatini bekor qiliş töğrisidagi qaror nusxasi undiruvçi va qarzdorga yoki qarzdorning oila a’zolaridan biriga topşiriladi. Şuningdek, hujjat poçta yoki boşqa aloqa vositalari, jumladan elektron poçta yoxud mobil telefon orqali yuborilişi mumkin.

Agar ijro xati Majburiy ijro byurosining tegişli bölinmasiga yuborilgan bölsa, uni bekor qiliş haqidagi qaror ham qabul qilingan kunning özida mazkur organga yuboriladi.

Qarzdor belgilangan 10 kunlik muddatni uzrli sabablarsiz ötkazib yuborsa, notarius ijro xatini bekor qilişni rad etadi. Biroq kasallik, yaqin qarindoşining vafoti, Özbekistondan taşqarida böliş kabi uzrli sabablar bundan mustasno. Notariusning rad etiş töğrisidagi qarori ustidan sudga murojaat qiliş mumkin.

Şuningdek, ijro xati yozilişiga asos bölgan qarzdorlik elektron tizimlardagi texnik nosozlik tufayli yuzaga kelgani yoki hisoblangani aniqlansa, undiruvçi yoki qarzdorning murojaati asosida ijro xati bekor qilinadi.

Özgartirişlar identifikatsiya jarayoniga ham taalluqli. Fuqaroning jismoniy nuqsoni sababli barmoq izlarini maxsus moslamalar orqali skaner qiliş imkoni bölmasa, uning şaxsi Face-ID orqali verifikatsiya qilinadi.