Avariyadan keyin aktyorni chetga chiqmaslik to‘g‘risidagi tilxat bilan uyiga qo‘yib yuborishgandi. Yefremov 9 iyun kuni tergovga belgilangan vaqtda yetib kelmagani sabab uni uy qamog‘iga olishga qaror qilishgan. Aktyor bunga qarshilik qilmadi.
Yefremov ishtirokidagi avariya dushanba kuni kechasi sodir bo‘lgan. Halokat Sadovaya aylanma yo‘lining Rossiya tashqi ishlar vazirligi ro‘parasidagi qismida sodir bo‘lgan. Aktyor Yefremov boshqaruvidagi Jip yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketgan va furgonga borib urilgan. Furgon rulida bo‘lgan 57 yoshli Sergey Zaxarov halok bo‘ldi.
U ishdan qaytayotgan bo‘lgan...
Yefremovning mashinasi kelib urilishi sabab vafot etgan 57 yoshli Sergey Zaxarov ryazanlik bo‘lgan. U internet-do‘konda ishlagan. Avariya sodir bo‘lganda u dengiz mahsulotlarini olib ketayotgan bo‘lgan. U ikki haftalab smenada ishlagan va o‘zi kabi haydovchilar bilan ijarada yashagan. Yaqinlarining aytishicha, Zaxarov Moskvani yoqtirmagan va qarigan vaqtida hayot yaqinlaridan uzoqda ishlashga majbur qilganini afsuslanib gapirgan. Yaqinlari marhumni kamgap va tartibli odam deb eslashdi.
Vafot etgan odam Sergey Zaxarov ekani haqida u ishlaydigan internet-do‘kon «Delikateska.ru»ning instagram sahifasida ma'lum qilingan: «Bizning haydovchimiz Sergey Zaxarov avtohalokatga uchrab bugun tongda kasalxonada halok bo‘ldi. Uning oila a'zolariga hamdardlik bildiramiz. U oilamizning bir qismi edi. Do‘stlar, o‘zingiz va o‘zgalarni ehtiyot qiling. Barchasining oldini olish oddiy ish ekanini o‘ylash naqadar og‘ir...», deyilgan bayonotda. Zaxarov avariya sodir bo‘lganidan 10 daqiqa avval oxirgi buyurtmani yetkazgan va ishini tugatib qaytayotgan bo‘lgan.
Yefremov va advokatlari nima deyishmoqda?

Foto: Tagan sudi matbuot xizmati
Yefremov avariyadan keyin bir necha marta kamera qarshisida paydo bo‘ldi va har safar uning shok holatda ekanini ko‘rish mumkin. U bir necha marta sodir bo‘lgan voqea haqida gapirilganda yig‘lab ham yuborgan. Aktyorning advokati Vitaliy Chernishev mijozi marhumning oila a'zolariga yordam berishga tayyorligini aytgan. Ma'lum bo‘lishicha, Yefremovning o‘zi ham halokat vaqtida jarohatlangan. U boshi bilan qattiq urilgan va bu ham uning ruhiy jihatdan o‘zini yomon his qilayotganiga sabab bo‘lishi mumkin. Yefremov uyidan qarshiliksiz politsiya mahkamasiga olib ketilgan va so‘roqqa olib borilgan vaqtda uning qo‘lga olingani haqida e'lon qilishgan. Huquqshonoslarning taxminicha, marhumning oila a'zolaridan kechirim so‘rab, ularga 5 million rubl (73 ming AQSh dollari) ma'naviy zarar uchun to‘lash orqali Yefremov jazosini yengillatishi mumkin.


















