Amerikalik milliarder Ilon Mask tomonidan orbitaga 10 mingdan ortiq sunʼiy yöldoş uçiriş orqali işga tuşirilgan va guruhdagi apparatlar sonini 42 mingtaga yetkaziş vaʼda qilingan Starlink sunʼiy yöldoş internet tizimi suveren davlatlar uçun xavf tuğdiradi. «Interfaks» xabariga köra, Rossiya Xavfsizlik kengaşi mamlakat axborot xavfsizligini taʼminlaş böyiça ilmiy-ekspert kengaşi yiğilişi yakunida şunday xulosaga kelgan.
Xavfsizlik kengaşining fikriça, «asosiy xavf va tahdidlar» «ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan çiqariş maqsadida suveren davlatlar hududi ustida Ğarb kosmik aloqa tizimlarining qöllanilişi» bilan boğliq.
«Bu, birinçi navbatda, milliy iqtisodiyotni jadal raqamlaştirişdan manfaatdor bölgan mamlakatlarda öz faoliyatini şiddat bilan kengaytirayotgan hamda keng tarqalgan Starlink va OneWeb sunʼiy yöldoş aloqa xizmatlariga taalluqlidir», - deyiladi Xavfsizlik kengaşi bayonotida.
Şu munosabat bilan, Xavfsizlik kengaşining hisoblaşiça, Rossiya Starlink «muqobili» uçun öz kosmik apparatlarini «seriyali işlab çiqarişni jadal surʼatlarda oşirişi» zarur. Gap 2022-yilda işlab çiqila boşlangan va hozirça atigi 32 ta sunʼiy yöldoşdan iborat «Rassvet» tizimi haqida bormoqda. 2025-yil iyun oyida «Roskosmos» rahbari Dmitriy Bakanov birinçi bosqiçda «Rassvet» guruhi 350 ta sunʼiy yöldoşni öz içiga olişini va bu 24/7 rejimida global qamrovni taʼminlaş imkonini berişini aytgan edi. Kelgusida guruhni 900 ta sunʼiy yöldoşgaça kengaytiriş rejalaştirilgan.











