O‘zbekiston | 09:12 / 23.06.2020
6024
4 daqiqa o‘qiladi

Obodonlashtirish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari tasdiqlanadi

Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tashkilotlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari tasdiqlanadi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tashkilotlari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlariga va Qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati, bunga maxsus vakolat berilgan davlat idoralari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti yoki xodimlar tomonidan saylanadigan boshqa vakillik organlari, shuningdek xodimlarning o‘zi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

“Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomga muvofiq tashkilotlarda quyidagilar nazorat qilinishi lozim:

ish joylarining ahvoli;

mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi;

baxsiz hodisalarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘rganib chiqilishi;

mehnatni muhofaza qilishga ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi;

mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarining bajarilishi va boshqalar.

Har bir tashkilotda ishlab chiqarishning aniq shart-sharoitlari hisobga olingan holda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ro‘yxati tuziladi.

Tashkilotlarda shikastlanish, kasallik yoki ish qobiliyatining pasayishiga olib keladigan, xodimlarga ta'sir o‘tkazadigan xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari quyidagilardan iborat:

ishlab turgan elektr uzatgich liniyalari yaqinida olib boriladigan ishlar;

kuchlanish ostidagi elektr kabellar o‘tkazilgan uchastkalarda yer qazish ishlarini bajarish;

xlorni transportirovka qilish, xlordan foydalanish va boshqa kuchli ta'sir etuvchi zaharli moddalardan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni bajarish;

ftordan foydalanish va uni chiqarish bilan bog‘liq ishlarni bajarish;

yerning patogen zararlangan uchastkalarida (chiqindi to‘planadigan joylar, mol o‘likxonalari, qabrlar va boshqa shu kabi joylar) yer qazish ishlarini bajarish;

balandlikda ishlarni bajarish va balandlikka ko‘tarilish bilan bog‘liq ishlarni bajarish;

daraxtlarni kesish bilan bog‘liq ishlarni bajarish;

daraxtlarni transport vositalariga ortish, tushirish va ularga birlamchi ishlov berish bilan bog‘liq ishlarni bajarish;

transport vositalarining qatnovi vaqtida yo‘llarda daraxtlarni antiseptik va yong‘indan himoya vositalari bilan to‘ydirish ishlarini bajarish.

Ish beruvchiga zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etishda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablarida belgilangan ta'sir qilish darajasiga tushirish yoki kamaytirish uchun choralar ko‘rish kerak.

Agar ishlab chiqarish jarayoni sharoitlari tufayli zararli va (yoki) xavfli ishlab chiqarish omillari miqdorini maqbul ta'sir qilish darajasiga chiqarib tashlash yoki kamaytirish imkoni bo‘lmasa, xodimlarni tegishli shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlamasdan ishlash taqiqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid