Prezident selektorida elektr va gaz ta’minoti xodimlari ishi tanqid qilindi.
Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari”da 25 ming, «Hududgaz»da 16 ming xodim ishlaydi. Lekin xodimlar ishini boshqarish raqamlashmagani sababli kun davomida kim nima bilan bandligini na elektr tarmog‘i, na gaz ta’minoti rahbari biladi.
Shu bois, mehnat unumdorligi boshqa davlatlardan 1,5-2 barobar past, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3-4 barobar ko‘p.
Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi.
Markaz “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjiri, ko‘mir, suyultirilgan gaz va mazut ta’minotini «stress-audit»dan o‘tkazadi. Shu asosda sohani rivojlantirishning bir nechta ssenariysi ishlab chiqiladi.
Har bir xodimning kunlik ishini raqamli algoritm orqali boshqaradigan tizim yaratiladi. ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt orqali tahlil qilinib, shubhali o‘zgarishlarni aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.
Tizimdagi 106 ming xodim uchun 10 ta asosiy KPI belgilanadi. Unda avariyaviy va rejali o‘chishlar, yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi va ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon bo‘ladi.











