Prezidentning 06.03.2020 yildagi PQ-4633-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish doirasida Fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Norma xabariga ko‘ra, kooperatsiyaga paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkil etilmagan hududlardagi fermerlar – paxta xomashyosi yetishtiruvchilar, paxta tozalash korxonalari va paxta eksport qiluvchi korxonalar ixtiyoriy ravishda a'zo bo‘ladi.

Hukumatning tegishli qarorlarida paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlariga belgilangan imtiyozlar kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi.

Hujjatga muvofiq:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda paxta tozalash korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatida foydalanilmayotgan bo‘sh yer maydonlarini mahalliy davlat hokimiyati organlarining zaxirasiga o‘tkazilishini ta'minlaydi;

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari kooperatsiyalar va paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnika resurslari bilan ta'minlash chora-tadbirlarini ko‘radi;

kooperatsiyalar paxtani qabul qilib olish, saralash, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha samarali ish yuritish tizimini joriy qiladi.

Hujjat 23.06.2020 yildan kuchga kirdi.