Bugun 6 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Sirdaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.
Bugungi 312 holatdan 162tasi karantin muassasalarida, 142tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 8 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.
Aholi orasida (+142)
Bugun aholi orasida aniqlangan kasallar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi - 142 bemor. Bungacha bir kunda aholi orasida yangi holatlar aniqlanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 2 iyul kuni qayd etilgandi - 113 holat.
Bugun 3 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlangan. Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 105 holat.
Poytaxtda 4 iyun kunidan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida koronavirus aniqlanib kelinmoqda. Bugun poytaxtda ham aholi orasidagi holatlar bo‘yicha rekord natija yangilandi - 2 iyul kuni shaharda aholi orasida 67 kishida virus aniqlangandi.
Toshkent viloyatida aholi orasida yana 36 kishida virus aniqlangan - bu ham viloyat uchun rekord ko‘rsatkich. Viloyatda so‘nggi haftalarda uzluksiz ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanayotgandi, bu zanjir faqat 1 iyul kuni uzilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatida aholi orasida bir kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.
Karantin (+162)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 86 holat aniqlandi. Bu so‘nggi haftalarda eng quyi ko‘rsatkichdir.
Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 55 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.
Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 15 kishida virus chiqdi.











