• Moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi;
  • Moliyaviy barqarorlik indeksi.

Markaz o‘z tadqiqotida 27ta tijorat banki uchun faollik indeksini baholaydi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston bank tizimida 31ta tijorat banki faoliyat olib bormoqda. Shulardan 13ta bank davlat ulushi mavjud banklar bo‘lsa, 16ta bank xususiy banklar yoki chet el kapitali ishtirokidagi banklar hisoblanadi. 2019 yil iyul oyidan boshlab Qozog‘iston «Halyk bank»ning sho‘'ba banki sifatida «Tenge bank» o‘z faoliyatini boshladi. «Payme» to‘lov xizmati aksiyalari boshqaruv paketini sotib olgan Gruziyaning «TBC» banki joriy yil aprel oyidan bank faoliyatini amalga oshirishni boshladi.

Banklar uch guruhga bo‘lindi: davlat ulushi mavjud yirik banklar; raqobatchi banklar; markazlashgan banklar (Savdogar bankning 13 ta hududda 19 ta filiali, Universal bankning 3 ta hududda 4 ta filiali bo‘lishiga qaramasdan, ushbu banklar aktivlari, kredit qo‘yilmalari, kapitali va depozitlari hajmidan kelib chiqib markazlashgan banklar guruhiga kiritildi):

«2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi»da ta'kidlab o‘tilgan bank tizimidagi muammolarni inobatga olib, «Banklar faollik indeksi»ning birinchi subindeksi sifatida moliyaviy vositachilik va ommaboplik indeksi hisoblandi.

Ushbu ko‘rsatkichni aniqlashda jamg‘arma va muddatli depozitlarning jami kreditlar qo‘yilmalariga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘larning jami majburiyatlardagi ulushi hamda bank aktivlarining shakllanishida hukumatdan olingan moliyaviy mablag‘larning ahamiyatiga e'tibor qaratildi.

Moliyaviy vositachilik

Tijorat banklarining jamg‘armalarni bank tizimiga jalb qilish hamda ushbu jamg‘armalarni moliyaviy va iqtisodiy nuqtai nazardan eng samarali loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish salohiyati banklarning moliyaviy vositachi sifatida faolligini belgilab beradi.