«Keyingi safar qo‘shnilarni ham chaqiramiz» – Lukashenko «yashirincha» o‘tgan inauguratsiya marosimiga izoh berdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 23 sentabr kuni oldindan e'lon qilinmay o‘tkazilgan inauguratsiya marosimi haqida gapirdi. U hammasi qonun doirasida o‘tganini ta'kidlagan.
«Belarus qonunlariga ko‘ra, biz G‘arb davlatlarini va umuman birorta davlatni ogohlantirishga majbur emasmiz. Bu mamlakatning ichki ishi. Inauguratsiyaga harbiylar bilan birga 2 mingga yaqin odam taklif qilingandi. Shu sabab buni sir saqlash imkonsiz edi.
Menimcha, biz barcha qonun talablarini bajardik. Bilishi kerak bo‘lganlar marosim o‘tkazilishi haqida bilishdi. Ta'kidlash kerak, Belarusda marosimlarni o‘tkazishni maromiga yetkazib amalga oshirishadi. Keyingi gal qo‘shni davlatlar – Polsha va Litvani ham chaqiramiz», degan Lukashenko.
Ma'lumot uchun, Litva va Polsha Lukashenkoni Belarus prezidenti sifatida tan olmagan davlatlar qatorida bo‘lib, bu davlatlardan tashqari yana 10 mamlakat - Germaniya, Daniya, Kanada, Latviya, Niderlandiya, Slovakiya, AQSh, Ukraina, Chexiya va Estoniya ham uni noqonuniy prezident deb hisoblamoqda.
Lukashenko G‘arb davlatlari inauguratsiya marosimi o‘tkazilishidan bexabar qolganiga shubha bildirgan. «Axir ularning razvedkasi qayerga qarayapti? MRBchilar (AQSh Markaziy razvedka byurosi), nemis razvedkachilari qani? Bilmay qolganlar bu haqda o‘z razvedkachilaridan so‘ray qolishsin. Ular nazorat qilayotgan telegram-kanallar inauguratsiya 23 sentyabrda bo‘lishi haqida yozishdi-ku?», degan Lukashenko Xitoy elchisi bilan uchrashuv vaqtida.
O‘z navbatida Xitoy elchisi Tsuy Tsimin mamlakat Belarusning ichki ishlariga aralashish holatlarini qoralashini aytib, Belarus Lukashenko qo‘l ostida siyosiy barqarorlikni ta'minlashiga ishonch bildirdi.
Ma'lumot uchun, 23 sentabr kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi. Bu haqda oldindan rasman e'lon qilinmagandi. Odatda mamlakatlar prezidentning inauguratsiya marosimiga katta e'tibor qaratib, butun dunyodan mehmonlarni taklif etishadi. Bu marosim ko‘plab mamlakatlarda katta bayramdek o‘tkaziladi. Masalan, AQShda prezidentning inauguratsiya marosimini maydonlarda ko‘pchilik bo‘lib jonli efirda tomosha qilish urf bo‘lgan.
1994 yildan buyon Belarusni boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko 9 avgustda o‘tkazilgan saylovlarda rasman 80 foizdan ziyod ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgandi. Mamlakatda saylov natijalari e'lon qilingandan buyon namoyishlar to‘xtamayapti.
Mavzuga oid
14:30
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024
Lukashenko Mariya Kolesnikovani afv etish haqida o‘ylab ko‘rishga tayyor
19:19 / 23.10.2024
Belarusda prezidentlik saylovi sanasi belgilandi
20:39 / 08.10.2024