Avval xabar berganimizdek, Sietlning ramzi bo‘lgan kuzatuv minorasi – Space Needle yaqinida, har yilgi oziq-ovqat festivalida sodir bo‘lgan bu otishmada uch kishi halok bo‘lgan va bir nechta insonlar yaralangan. Jarohat olganlar orasida 2 yoshli bola ham bor. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ikki qurollangan shaxs bir-biriga qarata o‘q uzgan. Bir gumonlanuvchi voqea joyida qo‘lga olingan, ikkinchisini esa qidiruv ishlari davom etmoqda. Foydalanilgan ikkala o‘qotar qurol ham voqea joyidan topilgan.

Voqea yuzasidan Kun.uz ning AQShdagi jurnalisti Vashington shtatidagi konsullikka ulandi. Bosh konsul Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, jabr ko‘rganlar yoki otishmani sodir etganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q. Biz darhol aloqaga chiqdik, deydi u.

26 iyul kuni kechki 18:00 larda Sietlda qurolli to‘qnashuv yuzaga keldi. Ushbu qurolli to‘qnashuv oqibatida halok bo‘lganlar bor. Bu xabarni biz eshitishimiz bilan darhol Sietl hokimligi bilan, keyin Sietl politsiyasi bilan aloqaga chiqdik. Aloqamiz natijasida ular bizga mana halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini tasdiqlab berishdi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham ushbu hodisada ishtirok etmaganligi ma’lum bo‘ldi. Olingan ma’lumotlarga asosan, ushbu hodisani yuzaga keltirishda ikkita yosh yigit aybdor hisoblanadi. Bittasini ushlashgan, 15 yasharli yigit. Ikkinchisini hali ushlashmagan, hozirda qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Biz bu masala bo‘yicha doimiy aloqadamiz hokimlik vakillari bilan”, deydi Burhonov.

Konsullik o‘z sahifalarida vatandoshlarimizni ommaviy tadbirlar va gavjum joylarda alohida ehtiyotkor bo‘lishga, mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ko‘rsatmalariga doimiy amal qilishga chaqirdi. Konsullik okrugiga esa Montana, Aydaho, Oregon shtatlari ham kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Sietl meri voqeani “daxshatli zo‘ravonlik” deb atab, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan. Politsiya esa ayni paytda jamoatchilikka xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.

Bite of Seattle har yilgi festival bo‘lib, yuz minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qilardi. Masalan, bu yilgi tadbirda 350 ming kishi qatnashgani aytiladi.

Politsiyaga ko‘ra, halok bo‘lganlardan ikkitasi erkak kishi – 19 va 44 yoshda, bittasi esa ayol kishi bo‘lib, u 56 yoshda bo‘lgan. Sietlda davlat bayroqlari fojia munosabati bilan bugundan boshlab yarim metrga pastga tushirildi.