Uchli, o‘tkir qirrali, taram-taram chiziqli qora marmar bo‘lagi. O‘zining oddiyligi bilan mukammal ko‘rinadigan bu yodgorlik - AQSh tarixidagi eng uzoq vaqt davom etgan harbiy kampaniyaning ilk qurboni xotirasiga o‘rnatilgan.

Markaziy razvedka boshqarmasining 32 yoshli ofitseri Mayk Spann 2001 yil noyabrida toliblarga qarshi og‘ir janglardan biri vaqtida halok bo‘lgandi.

Mayk Spannga yodgorlik

«Erkinlik uchun, Afg‘oniston uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun jonini qurbon qilgan qahramon». Toshga ingliz va fors tillarida shu bitik o‘yib yozilgan.

19 yil o‘tib Afg‘onistondan NATO va AQSh qurolli kuchlarini olib ketishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida harbiy obektlarni ko‘zdan kechirgan amerikalik va afg‘onistonlik yuqori martabali zobitlar Mayk Spanni xotirlashdi.

O‘tgan vaqt mobaynida toliblarga qarshi koalitsiyaning 3,5 mingdan ortiq askari hamda 110 mingdan oshiq afg‘onistonlik halok bo‘lgan. Ammo tinchlikka erishilmagan. Hamon mamlakatda yangi fuqarolik urushi boshlanib ketishi xavfi saqlanib turibdi.

«Zo‘ravonlik darajasi pasayishi»
«Biz eng yomon variantlarning oldini olishga va voqealar rivojini shunday yo‘nalishga burishga harakat qilyapmizki, Afg‘oniston hozirgidan beqarorroq vaziyatga tushib qolmasin, yana fuqarolik urushi boshlanmasin», deydi Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar boshlig‘i, NATO xalqaro harbiy kontingenti qo‘mondoni, general Skott Miller.

2011 yildan buyon eng kuchaygan davrida bo‘lgan «Tolibon» shu yil fevralidagi AQSh bilan kelishuvga qaramasdan butun Afg‘oniston bo‘ylab hujumga o‘tishda davom etmoqda. Go‘yoki, ular fevralda urushdan toliqqan va barchasi yana qayta boshlanishini qo‘rquv bilan kutgan afg‘on xalqiga biroz tin bergandek.

«Zo‘ravonlik darajasi pasayishi kerak. Men toliblardan zo‘ravonliklarni kamaytirishni alohida so‘radim, bu bir tomonlama bo‘lishi mumkin emas. Hamma tomonlar kamaytirishi kerak», deya takrorlaydi general Miller BBC uchun bergan intervyusida. General fuqarolar va harbiy boshliqlar bilan uchrashuvlarda o‘tish jarayonini imkon qadar og‘riqsiz o‘tkazish masalasini muhokama qilmoqda.

Bir yildan ortiq davom etgan muzokaralardan so‘ng 2020 yil fevralida Dohada imzolangan bitimga ko‘ra, AQShning 4500 nafar, NATOning 6100 nafar askari 2021 yilning mayiga qadar mamlakatdan olib chiqilishi belgilangan.