Mario Manjukich, 34 yosh
So‘nggi klubi: «Duhayl» (Qatar)

Qatarda yarim yil ham to‘p surmagan xorvatiyalik hujumchini Moskvaning «Lokomotiv» klubi o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakat qildi. Biroq so‘nggi pallada transfer amalga oshmay qoldi. Bunga futbolchi va klub o‘rtasida moliyaviy masalalarda bir to‘xtamga kelinmagani sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Manjukichning «Beshiktosh» klubiga o‘tishi mumkinligi borasida ham xabarlar tarqaldi, ammo turkiyaliklar tajribali futbolchiga ikki yilga 10 million yevro maosh to‘lashga rozi bo‘lishmadi.

34 yoshli Mario erkin agent sifatida Angliya Premer-ligasida faoliyat boshlashi mumkin edi, ammo u «Vest Hem» va «Aston Villa»ning moliyaviy kamtarona taklifini rad etdi. Oxir-oqibat Manjukich ishsiz qoldi.

Daniel Starrij, 31 yosh
So‘nggi klubi: «Trabzonspor»

Yurgen Klopp qo‘l ostida «Liverpul»da o‘ynab keta olmagan Starrij o‘tgan mavsum yozida «Trabzonspor»ga o‘tgandi. Ammo mart oyida futbolchining ukasi o‘z akasining Turkiya klubida faoliyat boshlashiga pul tikkani ma'lum bo‘lgach, Starrij 4 oyga futboldan chetlatilib, 150 ming funtga jarimaga tortilgandi. Diskvalifikatsiya muddati yakunlangach, turklar ingliz forvardi bilan xayrlashishga qaror qilishdi. Natijada Starrij hech bir klubga kerak bo‘lmay qoldi va hozirgacha ishsiz qolmoqda.

Ezekel Garay, 34 yosh
So‘nggi klubi: «Valensiya»

Garay matbuotda yillik maoshi 2,7 million yevro bo‘lgan yangi shartnomani imzolashdan bosh tortgani borasidagi xabarlarni o‘qib, «Valensiya»ni yolg‘on ma'lumotlar tarqatishda ayblagandi. Bunga javoban «Valensiya» unga bir necha marta kelishuvni uzaytirishni taklif qilgani va argentinalik himoyachi taklifni rad etgani haqida ma'lum qildi. Oxir-oqibat klub va futbolchi o‘rtasidagi shartnoma 30 iyun kuni nihoyasiga yetdi va Garay erkin agentga aylandi. Yozda himoyachiga «Inter» va «Roma» qiziqayotgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, yakunda 34 yoshli futbolchi jamoasiz qolib ketdi.