Ma'lumki, pandemiya davrida shamollash, gripp kabi aholi orasida ko‘p uchrayotgan mavsumiy kasalliklarni davolovchi dori vositalariga bo‘lgan talab ilgariga nisbatan ancha ko‘paygan. Qolaversa, pandemiya sharoitida dorilarning narxi sezilarli darajada oshib ketdi. Birgina muammo bunda emas, bugungi sharoitdan foydalanib, nohalol tadbirkorlar eng ko‘p uchrab turgan kasallikni davolovchi dori vositalarining kontrafakt nusxalarini tayyorlab erkin savdoga chiqarayotgani barchani tahlikaga solishi aniq.

Intellektual mulk agentligining kuzatuvlari natijasida respublikadagi 616 ta dorixonalarda bozori chaqqon, aholiga yaxshi tanish bo‘lgan dori vositalarining nomlanishi va qadog‘i iste'molchilarni chalg‘itish darajasida juda o‘xshash bo‘lgan “Turmol”, “Terlaflyu”, “Mer teraflyus”, “Kitonal gel”, “Kitonal ampula”, “Noshpen” hamda “Azimaks” kabi kontrafakt dorilar sotilayotgani aniqlandi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy, bu kuzatuvlar tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq emasmi? Albatta, yo‘q. Aksincha, bu kabi holatlarning oldini olmaslik asl mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan tadbirkorlarning nohalol raqobatdan aziyat chekishlariga olib keladi.

Vaholanki, kontrafakt dori-darmonlar har yili jahonda qariyb 1 million insonning umriga zomin bo‘lmoqda. Bundan tashqari, qalbaki dori tarkibida faol moddalar umuman bo‘lmasligi ham mumkin, shu bois uni qabul qilgan shaxsning ahvoli yaxshilanmaydi, balki kasallikni yengishga qarshi vosita ichilmagani sababli sog‘ligi jiddiy xavf ostida qoladi.

Dori ishlab chiqaruvchi farmatsevtik firma dori sifati va kasallikka ta'sir qilishini yillar davomida sinovdan o‘tkazadi. Ammo kontrafakt mahsulot tayyorlab bozorga chiqarishga urinayotgan “uddaburon tadbirkor” esa osongina foyda ko‘rish maqsadida o‘zganing tovar belgisidan foydalanib, nomi o‘xshash dori ishlab chiqaradi. Oddiygina nomi va tashqi ko‘rinishi taniqli bo‘lgan dorilar qadog‘ini o‘xshatib, bir ikkita harfini o‘zgartirib qo‘yadi xolos. Masalan, “Turmol” deb chiqarilgan dori vositasi aslida Hindistonning Trimol tabletkasi analogi hisoblanadi. Dorini qalbakilashtirishdan maqsad esa odamlarning ong ostida shakllangan Trimol tabletkasi obrazi orqali kontrafakt dori mahsuloti sotuvini rivojlantirishdir.

Agentlik fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida dorixonalarda sotilayotgan kontrafakt dori vositalarini tezkorlik bilan aniqlashga kirishdi. Bu yo‘lda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda kontrafakt dori vositalari savdosini cheklash bo‘yicha tizimli harakatni olib borishga e'tibor qaratilmoqda.