Jahon | 08:00 / 09.11.2020
10340
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda prezident inauguratsiyasiga tayyorgarlik boshlandi

Foto: AP

AQShning yangi prezidenti inauguratsiyasi marosimi koronavirus pandemiyasiga qaramay to‘liq formatda o‘tadi. Marosimga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Bu haqda AQSh kongressining inauguratsiya qo‘mitasi rahbari senator Roy Blant ma'lum qildi. 

“Qo‘mitada 6 kishi marosimning ochiq havoda o‘tkazilishi ustida ishlamoqda. Marosim ko‘lamini keyinchalik kengaytirishdan ko‘ra, uni qisqartirish osonroq bo‘ladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Blant.

U prezident saylovlari ishtirokchilari Jo Bayden va Donald Tramp qaysi birlari qasamyod keltirishlariga qaramay, marosimga kelishlariga umid bildirgan. Senator kim qasamyod keltirsa ham, inauguratsiya kunini “buyuk” deb topishini aytgan.

Yangi prezidentning inauguratsiyasi 2021 yil 20 yanvarga belgilangan. Ma'lumotlarga ko‘ra, shu munosabat bilan Kapitoliy tepaligidagi hukumat majmuasi yonida minbar o‘rnatilishi boshlangan.

Joriy yilda inauguratsiya qo‘mitasi a'zolari minbarni o‘rnatish uchun “birinchi mixni qoqish” an'anasidan voz kechishdi. Ushbu qaror Oliy sud sudyasi, 18 sentyabrda hayotdan ko‘z yumgan Rut Beyder Ginzburg xotirasiga motam davom etayotgani bilan bog‘langan.

1792 yildan 1933 yilgacha AQSh prezidenti inauguratsiyasi 4 mart kuni o‘tkazilgan. Biroq marosim keyinchalik saylovlar va yangi prezident lavozimini bajarishga kirishishi o‘rtasidagi o‘tish davrini qisqartirish maqsadida 20 yanvarda o‘tkazila boshlangan.

1817 yilda prezident Jyeyms Monro vaqtida inauguratsiyani ochiq havoda o‘tkazish an'anasiga asos solingan. 1825 yilda prezident Jon Kuinsi Adams ilk bor marosimni Kapitoliyning sharqiy qismidagi peshayvonda o‘tkazgan. Bu yerda 1981 yilgacha barcha prezidentlar qasamyod keltirgan. So‘ngra Ronald Reygan inauguratsiya joyini Kapitoliyning g‘arbiy ayvoniga o‘tkazgan. Sovuq havoda marosim Kapitoliyning markaziy gumbazi ostida joylashgan va mingga yaqin odamni sig‘dira oladigan bosh zali – Rotondada o‘tadi.

AQShda 3 noyabrda o‘tgan prezident saylovlarida Jo Bayden g‘alaba qozondi. Biroq amaldagi prezident Donald Tramp mag‘lubiyatini tan olmayapti.

Mavzuga oid