Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas'ul xodimi Bahrom Burxoniddinov davlat budjeti ta'minoti hisobidan xizmatda foydalanish uchun qimmatbaho avtomobil sotib olayotgan amaldorlar masalasiga munosabat bildirdi.
«Bu bo‘yicha aniq huquqiy chora va mexanizmlar belgilanishi lozim. Shu paytgacha normalar yetarli bo‘lmagani uchun munozaralar kelib chiqmoqda. «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasida ham aynan shunday holatlarni bartaraf etish ko‘zda tutilgan», — deydi u.
Burxoniddinovning aytishicha, qaror loyihasida amaldorlarning egallab turgan mansab darajasidan kelib chiqib, unga xizmat avtotransporti ajratilishi nazarda tutilgan. Masalan, tuman va shahar hokimlariga biriktirilgan mashinalar narxi bazaviy hisoblash miqdorining 1200 baravaridan (267 million 600 ming so‘m) oshmasligi ko‘rsatilgan.
«Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining viloyat, Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlarining xizmat avtomobili narxi esa BHM 700 baravaridan (156 million 100 ming so‘m) oshmasligi belgilanmoqda. Qaror loyihasida xizmat avtomobillarini yangisiga, undan 5 yil foydalangandan so‘ng, almashtirishi ko‘rsatilgan», — deydi agentlik mas'uli.

Bahrom Burxoniddinovning ta'kidlashicha, davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud, ya'ni qaror amaliyotga tatbiq etilgunga qadar xarid qilingan barcha avtotransport vositalari xatlovdan o‘tkaziladi.
«Belgilangan normativdan ortiqcha qiymatda xarid qilingan har bir avtomobil onlayn auksion orqali sotilishi ta'minlanadi. Sotuvdan tushgan mablag‘lar mashina xaridi uchun resurs qaysi budjetdan olingan bo‘lsa, shu joyga tushiriladi», — deya qayd etdi u.
Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 9 oydagi ijrosi haqida hisobot bergan moliya vaziri Timur Ishmetov ham ushbu masalaga munosabat bildirgandi. Vazir o‘z nutqida pandemiya paytida mahalliy hokimliklarning qimmat avtomobillar xarid qilishiga tanqid nazari bilan qarashini ta'kidlagan






