O‘zbekiston | 09:01 / 24.12.2020
3175
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya Eksimbanki O‘zbekistonda zamonaviy tibbiyot markazi barpo etish bo‘yicha loyihani amalga oshiradi 

Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat turlarini oshirish maqsad qilingan.

Foto: Yonhap

Prezidentning “Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi bilan moliyaviy hamkorlikda "Kattalar uchun ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazini barpo etish" loyihasini amalga oshirishning ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha:

Koreya Respublikasi hukumati tomonidan Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF jamg‘armasi) tomonidan "Kattalar uchun ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazini barpo etish" loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga o‘n yillik imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 124,0 million dollar miqdorida imtiyozli qarz mablag‘lari ajratilgan;

O‘zbekiston qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda xalqaro moliya institutlari qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan olib kiriladigan tovarlar (shu jumladan transport vositalari) va xizmatlar bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) hamda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Belgilanishicha:

Sog‘liqni saqlash vazirligi EDCF jamg‘armasi qarzidan maqsadli foydalanish hamda loyihani samarali amalga oshirish uchun mas'ul ijro etuvchi vazirlik hisoblanadi;

“O‘zmilliybank” AJga EDCF jamg‘armasi qarzi bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy agent hisoblanadi;

EDCF jamg‘armasi bo‘yicha qarzni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, komission va boshqa xarajatlar bo‘yicha to‘lovlar respublika budjetidan qoplanadi.

Vazirlar Mahkamasi:

"Kattalar uchun ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazini barpo etish" loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlariga asosan texnik-iqtisodiy asoslarini tasdiqlaydi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan Toshkent shahar hududida joylashgan 21,28 ga yer maydoniga ega 56-sonli harbiy shaharchani va 48238-sonli harbiy qismni Chirchiq shahridagi 23-sonli harbiy shaharchaga ko‘chirish va bo‘shagan yer maydonlarini Toshkent shahar hokimligiga beg‘araz tarzda boshqaruv huquqi asosida o‘tkazish taklifiga rozilik beradi.

Bunda, Mudofaa vazirligining 23-sonli harbiy shaharcha infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar Toshkent shahar hokimligining davlat rivojlanish dasturlari va boshqa moliyaviy manbalari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid