Jamiyat | 18:25 / 28.12.2020
3031
4 daqiqa o‘qiladi

TIQXMMI: Turonbank ATB bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi bank tizimi ham mamlakatning moliyaviy va iqtisodiy asosini belgilovchi mezondir. Bugungi kunda uning rivojini xalqaro hamkorliklarsiz, xorijiy tajribalarsiz tasavvur etish qiyin. Shunday ekan, uning ilmiy va nazariy asoslari hamda amaliy boshqaruvi katta mohiyat kasb etishi tayin. O‘zaro tajriba almashishlar har tomonlama manfaatli bo‘lishi ham aniq. TIQXMMI bilan Turonbank ATB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ana shu jihatdan katta ahamiyat kasb etmoqda.

Turonbank ATB boshqaruvi raisining xorijiy maslahatchisi Svetlichnyy Andrey Mixaylovich institutimiz professor o‘qituvchilari, tayanch doktorantlari va magistrlari uchun «Bank tizimini rivojlantirishda zamonaviy bilim va texnologiyalar» mavzusida seminar o‘tkazdi.

Zamonaviy bilim va texnologiya taraqqiyotning kafolatini belgilovchi omillardandir. Xorijiy maslahatchining ma'ruzasi barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otibgina qolmay, balki ularning sohaviy bilimlarining oshishi hamda mustahkamlanishiga ham ijobiy ta'sir o‘tkazganini berilgan savol-javoblar orqali ham sezmaslik mumkin emas. Institutda «Turon bank» uchun maxsus jihozlangan o‘quv xonasi ochilgani e'tiborga molik. Deyarlik har hafta bank mutasaddilari va mutaxassislari sohaviy mavzular bo‘yicha ma'ruzalar uyushtirib turilmoqda.

«Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish» fakulteti dekani R.Xakimov raisligida fakultet professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalari uchun Turon bank ATB «Bank risklarini boshqaruv departamenti» direktori o‘rinbosari Yeshniyozov Otabek Baxodirovich ishtirokida O‘zbekistonda bank tizimida olib borilayotgan islohotlar, Bank risklari, Bank risklarining turlari, istiqbolli loyihalar samaradorligi hamda Bank tizimida faoliyat olib borayotgan oliy ma'lumotli mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar xususida ma'ruza bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda professor-o‘qituvchilar hamda talabalar tomonidan Bank tizimi bo‘yicha qiziqtirgan savollariga javoblar olindi.

Keyingi hafta xuddi shu fakultet talabalariga «Turon bank» ATB Chakana xizmatlar ko‘rsatish departamenti direktori o‘rinbosari Vaxabov Eldor Baxtiyarovich «Xalqaro pul o‘tkazmalari» mavzusida ma'ruza qildi. Ma'ruzada Xalqaro pul o‘tkazmalarida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan kompaniyalar, «Turon bank» ATB da mavjud xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari to‘g‘risida, Turon bank tashqi iqtisodiy faoliyatini xalqaro moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimi xususida, shuningdek, pul o‘tkazmalarining hajmi to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Seminarlardan shu narsa ayon bo‘ldiki, bunday yo‘sindagi va mavzudagi tadbirlarni muntazam o‘tkazib turilishi foydadan xoli emas. Zamonaviy bilim va texnologiya har doim yangilanib, o‘zgarib borishini inkor etish qiyin. Demak, davr bilan hamqadam va hamnafas bo‘lish zamon taqozosi va talabidir.

Ta'lim tizimi va ilmning mamlakat taraqqiyoti uchun zarur va dolzarb ekanligini, yoshlarning kelajakda bank yo‘nalishi bo‘yicha yetuk bilim egasi bo‘lib yetishuvini «Turonbank» ATB boshqaruvi jamoasi his etgani holda ko‘mak hamda saxovatini ayamayotgani ibratlidir. Ular homiylik muruvvati sifatida institutimizda tahsil olayotgan, «Temir daftar»ga tushgan oilalarning farzandlaridan yettitasining to‘lov shartnomasini to‘lab berganliklari xayrli va ma'rifiy maqsadning amaldagi ifodasidir deyish o‘rinlidir.

TIQXMMI Matbuot xizmati

Mavzuga oid