O‘zbekiston | 11:19 / 06.02.2021
20983
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda gaz portlashi ro‘y bergan uy noqonuniy qurilish bo‘lgan - Qurilish vazirligi

2021 yil 4 fevral kuni Buxoro shahri Islom Karimov ko‘chasi yo‘l yoqasida joylashgan 9 qavatdan iborat bo‘lgan uyning 3-qavatidagi xonadonda gazning sizib chiqishi natijasida portlash yuz bergandi. 

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, vazirlik tomonidan bu borada o‘rganish ishlari olib borildi. 

Qayd etilishicha, “White group trading” MChJ (rahbari Jamshid Karomatov) tomonidan mazkur ko‘p qavatli binoning qurilish ishlari o‘zboshimchalik bilan boshlangan bo‘lib, bu haqida Qurilish bosh boshqarmasi va hududiy inspeksiya tomonidan (2019 yil 16 yanvardagi №48- va 49-sonli xatlar bilan Buxoro shahar hokimligi va prokuraturasiga) mahalliy hokimiyat hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlari qonuniy chora ko‘rish uchun xabardor qilingan. 

Buxoro shahar hokimining 2019 yil 7 iyuldagi 2894-sonli qarori bilan Buxoro shahrining Islom Karimov ko‘chasi 7-uy manzilida joylashgan 12ta xonadon va 9-uyda joylashgan 12ta xonadon, shu bilan birga, hududdagi savdo do‘konlari egalari bilan tuzilgan kelishuv bitimlari inobatga olinib, 1220 kv. metrda joylashgan yer uchastkasida “White group trading” MChJga 1- va 2-qavatlari savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish va yuqori qavatlarida ko‘p xonadonli turar joy binosi qurilishiga ruxsat berilgan. Mazkur qarorga asosan viloyat Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2020 yil 26 iyulda 1578-sonli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i tayyorlanib, loyiha tashkiloti “Arkada Arxstroy Servis” XK tomonidan 1-qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish 7-8 qavatli turar joy binosiga loyiha yechimlari ishlab chiqilgan.

Ma'lum qilinishicha, loyiha viloyat shaharsozlik kengashida tasdiqlanmagan va ijobiy ekspertiza xulosasi olinmagan. Shuningdek, Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Shaharsozlik hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirmasdan qurilish ishlarini olib borayotganligi uchun inspeksiya xodimlari tomonidan “White group trading” MChJ rahbariga ogohlantirish berilgan. 

“Viloyat va shahar hokimliklari hamda prokuratura organlariga bir necha bor noqonuniy qurilish olib borayotgan “White group trading” MChJga nisbatan chora ko‘rish uchun (2020 yil 13 iyulda 1029-, 1030- va 1031-sonli) xatlar chiqarilgan. 

Bundan tashqari, tasdiqlangan konsepsiya loyihasini buzib, o‘zboshimchalik bilan qavatlar sonini oshirganligi sababli noqonuniy qurilayotgan qurilmani bartaraf qilish uchun Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizalari kiritilgan. Bunda da'vogar sifatida inspeksiyaning bosh mutaxassisi va Buxoro shahar qurilish bo‘limi mutaxassislari ishtirok etgan. Sud tomonidan esa 2020 yil 23 oktyabrda 4-2001-2003/928-sonli ishning noqonuniy qurilmani bartaraf qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan”, - deyiladi vazirlik xabarida. 

Ta'kidlanishicha, hududlarda ruxsatnoma va shaharsozlik hujjatlarisiz qurilayotgan obektlarda buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik va pudratchining ichki nazorat tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani qayd etilmoqda. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Buxorodagi portlash natijasida jabr ko‘rgan 12 nafar fuqaroning 6 nafariga uyga javob berilgan. Shifoxonada qolayotgan 5 kishining ahvoli qoniqarli, bir bemorning holati nisbatan og‘irligicha qolmoqda.

Mavzuga oid