
6 mart kuni UzAuto Motors avtomobillarini O‘zbekiston bo‘ylab tashuvchi avtovozlar haydovchilari ish tashlash o‘tkazib, maosh kamligidan shikoyat qilgandi. Xususan, Kun.uz suhbatlashgan haydovchilardan biri oyligi ikki barobardan ko‘proqqa kamayganini aytgandi.
Undan avvalroq, 2–3 mart kunlari Asakadagi avtozavodga press-tur uyushtirilib, matbuot anjumani ham o‘tkazilgandi. Unda Kun.uz muxbiri korxona ishchilaridan oylik kamligi borasida tahririyatga murojaatlar bo‘layotganini aytib, bu borada izoh so‘radi.

Savolga UzAuto Motors bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov va «O‘zavtosanoat» Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qodirov javob berdi.
«Koreyadagi 400 mingta avtomobil ishlab chiqaruvchi «GM» zavodida to‘rt-besh ming odam ishlaydi. Ishlab chiqarish robotlashtirilgan. Bizda ko‘proq ishchi ishlaydi. Ulardagi yashash sharoiti, maoshlari bilan bizdagi sharoitni solishtirish qiyin.
Yana bir jihatga e'tibor qaratamiz. Bizda ishlab chiqarilayotgan Spark modelini olaylik. Aynan mana shu modelining narxi bizda 7 ming AQSh dollari bo‘lsa, ularda ancha qimmat.
Yaqinda «Nissan» zavodi mutaxassislari ham Sparkning bizdagi narxini ko‘rib hayron qolishdi. Ular: «Nega sizlar dunyoda 10, 15 ming dollar atrofida sotiladigan Sparkni 7 ming dollardan sotyapsizlar», deyishgan.

Mana shu jihatlari bilan solishtirganda, bizning va Koreyadagi ishchilarning oyliklari deyarli bir xil bo‘ladi. Bizning maqsadimiz shundan iboratki, ishlab chiqarishni ko‘paytirib, so‘ng ishchilar maoshini ko‘paytirmoqchimiz.
Mabodo zavodni xuddi Koreyadagidek avtomatlashtirsak, ishchilar oyligi ko‘tariladi, lekin ularning teng yarmini ishdan bo‘shatishga to‘g‘ri keladi», – dedi «O‘zavtosanoat» Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qodirov.









