O‘zbekiston | 18:00 / 17.03.2021
4314
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyatida jamoat transportida niqobsiz yurish taqiqlandi

Foto: Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi

Qashqadaryoda 17 martdan boshlab  jamoat transportida niqobsiz yurish taqiqlandi. Bu haqda viloyat transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avtobus, mikroavtobus, yo‘nalishsiz taksi xizmatidan foydalanganda haydovchi va yo‘lovchilar tibbiy niqobda bo‘lishi kerak. Yo‘lovchilarning jamoat transportiga niqobsiz chiqishi qat'iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, tartibga ko‘ra yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari har 4 soatda dezinfeksiya qilinishi nazoratga olinadi.

Xabarda ta'kidlanishicha, ushbu tartib viloyat bo‘yicha amal qiladi.

SSV statistikasiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalinish holati so‘nggi marta 13 fevral kuni qayd etilgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatda 17 bemor ushbu kasallikdan davolanmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda epidemiologik vaziyat murakkablasha boshladi. Yanvar-fevral oylaridagi pasayishdan so‘ng mart oyining ikkinchi o‘n kunligida koronavirusdan kasallanish holatlari o‘sa boshladi. SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 16 mart kuni O‘zbekiston bo‘ylab 115ta yangi holat qayd etilgan. Shundan 92 holat Toshkent shahrida, 18 holat Toshkent viloyatida aniqlangan.

Bundan avvalroq Toshkent shahrida karantin choralari kuchaytirilishi, xususan, taksi va qurilishlarda karantin choralari kuchaytirilishi, poytaxt hokimligi va uning tizimidagi barcha tuzilmalarda turli yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi. 17 mart kunidan Toshkent viloyatida ham karantin choralari kuchaytirildi.

Shuningdek, 16 mart kunidan butun respublika bo‘ylab karantin qoidalarini buzayotganlarga jarimalar yozish boshlangan.

Mavzuga oid