O‘zbekiston | 17:41 / 22.04.2021
40958
5 daqiqa o‘qiladi

«Viloyat hokimlari vaziyatni silliqqina o‘tkazyapti» - Prezident hudud rahbarlarini yana bir bor ogohlantirdi

Viloyatlarda xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi vaziyat muhokama qilingan yig‘ilishlarda 27 nafar rahbarlar lavozimidan olindi, 54 nafariga intizomiy jazo berildi.

Iqtisodiyotning xizmatlar ko‘rsatish sohasiga 35 trillion so‘mlik ko‘mak berildi, bu mamlakat tarixida ushbu sohaga ajratilgan eng ko‘p mablag‘ hisoblanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi. 

«Bu sohaga 500 mln dollar pul ajratyapmiz. Qiyin payt bo‘lishiga qaramay shunday qilyapmiz. Endi bu mablag‘dan samarali foydalanish zarur. Har bir rahbardan shuni talab qilamiz.

Bugungi selektorda hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha, joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarni belgilab olamiz.
Pandemiyaning salbiy ta'siri ko‘proq xizmatlar va servisga to‘g‘ri kelgani bois, ushbu sohadagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 24ta turdagi soliq imtiyozlari, subsidiya va boshqa preferensiyalar taqdim etish orqali 35 trillion so‘mlik ko‘mak berildi. Tariximizda bunaqa mablag‘ ajratilmagan», deydi davlat rahbari.

Berilgan yengilliklar ham tadbirkorlar, ham banklar uchun katta imkoniyat bo‘lgani, masalan, o‘tgan yili tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat sohasiga 1 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari ajratilgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan sohaga qo‘shimcha yana 14 trillion so‘m kreditlar ajratgani ham aholining xizmatlar bozoriga qiziqishi yuqoriligi, hali bu sohada imkoniyatlar ko‘pligidan dalolat beradi. 

Keng imtiyozlar berilgani natijasida, servis sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan 500 ming nafar fuqarolar rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi. Bunday raqam ham O‘zbekiston tarixida qayd etilmagan.

«Qaysi hudud, shahar va tumanlar ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan bo‘lsa, o‘z natijasini berdi. Jumladan, Qo‘qon va Shirin shaharlari, Karmana tumanida aholi jon boshiga umumiy xizmatlar hajmi 6,5 million so‘mni tashkil etib, respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi (6,4 million so‘m). 

Lekin, 26ta hudud, xususan, Beruniy, Shumanay, Chiroqchi, Qamashi, Guliston, Xovos, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, O‘zbekiston, Yozyovon tumanlarida bu ko‘rsatkich ancha past (2 million so‘mdan kam). 

Transport xizmatlari aholi jon boshiga Qo‘ng‘irot va Qorovulbozorda – 4 million so‘mdan, Chirchiq va Urganch shaharlarida – 3 million so‘mdan to‘g‘ri kelib, eng yaxshi ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan (respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,6 million so‘m).

Lekin, Taxiatosh, Ellikqal'a, Arnasoy, Zafarobod, Forish tumanlarida transport xizmatlari aholi jon boshiga atigi 300 ming so‘mni tashkil qilgan. Bu degani o‘sha yerlarda transport xizmati yo‘q degani, vazir bunga javob berishi kerak.

Chakana savdo xizmatlari Buloqboshi, Qibray, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l, Olot, G‘ijduvon, Kogon, Mirishkor, Nishon, Konimex, Uchquduq va Karmana tumanlarida nisbatan yaxshi rivojlanmoqda.

Biroq, Qonliko‘l, Taxiatosh, Oqoltin, Xovos, Ohangaron, Pskent tumanlarida ushbu xizmatlar respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 3 barobar past. Mana shu tumanlar hokimlari ham oylik oladi, selektorda shularga ham topshiriq beriladi. «Temir daftar»larini ko‘rsangiz to‘la.

Ovqatlanish xizmatlari jon boshiga Qorovulbozor (745 ming so‘m), Qo‘ng‘irot (455 ming so‘m) va Karmana (270 ming so‘m) tumanlarida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Lekin, bu ko‘rsatkich Baxmal va Xovosda – 11 ming so‘m, Izboskan, Paxtaobod, Yangiariq, Qo‘shko‘pir, Bo‘ston tumanlari va Nurafshon shahrida – 15 ming so‘mdan, Baliqchi va Yangiqo‘rg‘onda – 17 ming so‘mni tashkil etadi.

Bekobod, Boyovut, Hazorasp, Sergeli, Oqqo‘rg‘on tumanlarida davlat ta'lim muassasalarida, Parkent, Sirdaryo va Tuproqqal'a tumanlarida tibbiyot muassasalarida tijorat xizmatlarini ko‘rsatish darajasi o‘ta past. 

Eng achinarlisi, joylarda aniq metodologiya yaratilmagani, shuningdek, sektor rahbarlari e'tiborsizligi oqibatida, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi, obektlar sonini aniqlash va hududlar salohiyatini to‘g‘ri baholashning bugun ham imkoni yo‘q.

Har bir viloyat hokimi sohadagi ahvol va mutasaddi rahbarlarning mas'uliyatini kecha o‘z hududidagi selektor yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qildi. 27 nafar rahbarlar lavozimidan olindi, 54 nafariga intizomiy jazo berildi. Shundayam viloyat hokimlari vaziyatni silliqqina o‘tkazyapti, vaziyat shunday davom etsa, hokimlarni o‘zim ishdan olaman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid