Qaynotasini 50 ming dollarga chuv tushirgan shaxs 10 yilga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudyasi Bobomurod Karimov raisligida ko‘rib chiqilgan sud ishida bunga qadar ham 3 marta sudlanishga ulgurgan shaxs keksa qaynotasini ham aldab ketgani uchun panjara ortiga ravona bo‘ldi.
35 yoshga kirgunicha 3 marta sudlangan, yana har safar Jinoyat kodeksining 169-moddasi turli bandlariga ko‘ra jazoga tortilgan Rustam Xurramov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) hamisha qamoqqa bog‘liq bo‘lmagan yengil jazolar bilan qutulib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. U bu safar poytaxtda o‘z uyidan joy bergan qaynotasini chuv tushirishga qaror qildi.
Buning uchun juda oson yo‘l tanladi va qaynotasining ishonchiga kirib, uning nomida bo‘lgan xonadonni sotish yo‘llarini izlay boshladi. Darhol xizmatga shay makler ham, arzonroqqa oluvchi, lekin ortiqcha savol bermay pulni naqd sanovchi xaridor ham topildi. Shundan keyin Rustam Xurramov qaynotasiga uning nomidagi xonadonni naqd 50 ming AQSh dollariga sotib berayotganiga, faqat pulni notariusda oldi-sotdi shartnomasini imzolab chiqishlari bilan olishiga ishontirdi.
Ammo xaridor bilan uning kelishuvi boshqacha edi – uy 40 ming dollarga sotilgan, oluvchi pulni Rustam Xurramovga notariusga kirishdan oldin beradigan bo‘lgandi. Shunday bo‘ldi ham. Kuyoviga ishongan keksa inson uyni notarial tartibda rasmiylashtirib berdi. Ammo kuyov pul tez orada bo‘lishini aytib juftakni rostladi va pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi.
Keyinchalik, u tutib kelinganida o‘z uyidan joy bergan qaynotasi kun bermagani, ataylab janjallashib, yashashga qo‘ymagani uchun o‘ch olish niyati bo‘lganini aytdi.
Vaziyat jiddiylasha boshlaganini, bu safar real qamoq jazosiga duchor bo‘lishini his qilgan Rustam Xurramov o‘z qilmishiga astoydil pushaymonligini, imkon berilsa bu pullarni ishlab topib berishini bildirdi. Sud hukmiga ko‘ra Rustam Xurramov 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.
Mavzuga oid
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024
“Xalqimizning soddaligi sabab bo‘lmoqda”- Toshkent shahar sudi raisi Panorama Airways ishiga to‘xtaldi
14:10 / 31.10.2024
Sudgacha sanatsiya qilish jarayonida davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi
18:06 / 17.10.2024