O‘zbekiston | 08:21 / 14.05.2021
5356
3 daqiqa o‘qiladi

Urganch davlat universiteti  2021 yilgi rejalar to‘g‘risida ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

Urganch davlat universitetida «Bugungi kunda ta'lim sohasidagi yangi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, 2021 yilgi rejalar haqida ma'lumot berildi.

Urganch davlat universitetida 12ta fakultetda 39ta kafedra tashkil etilgan bo‘lib, 800dan ortiq professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 25 nafari fan doktori va 190 nafari fan nomzodi hisoblanadi. Ilmiy salohiyat 26 foizni tashkil qiladi. 

2020-2021 o‘quv yilida 1 kurs talabalar safiga davlat granti asosida 1212 nafar va to‘lov-kontrakt asosida 5616 nafar, jami 6828 nafar talaba qabul qilindi. Qo‘shma ta'lim dasturlarida talabalar soni 129 nafarni va universitetga jalb qilingan xorijiy talabalar soni 1162 nafarni tashkil etadi.

2020 yilda qiymati 17,1 mlrd so‘mlik 500 o‘rinli talabalar turar joyi binosi qurib bitkaziladi. Bundan tashqari, Axborot resurs markazini qiymati 950 mln so‘mlik kapital ta'mirlash va laboratoriya binosini 242 mln so‘mlik ta'mirlash ishlari boshlab yuborildi. 7 qavatli, 2 ming o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi bo‘yicha loyiha-smeta tayyorlandi.

2021 yilda universitet tomonidan quyidagi chora-tadbirlar rejalashtirilgan:

- Iqtidorli o‘quvchilar seleksiyasini kuchaytirish maqsadida umumta'lim maktablarida matematika, kimyo, biologiya va informatika fanlari bo‘yicha masofaviy olimpiadalar tashkil qilish.

- Xorazm viloyatida psixologiya sohasida oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lganligi uchun yangi o‘quv yilida psixologiya ta'lim yo‘nalishiga maqsadli qabul amalga oshirish;

- 2021/2022 o‘quv yili uchun “Defektologiya”, “Antropologiya va etnologiya”, “Elektr energetikasi”, ”Biznesni boshqarish” kabi 10ta yangi ta'lim yo‘nalishini ochish, shuningdek muhandis-texnika ta'lim yo‘nalishidagi talabalar ulushini 20 foizga oshirish.

- Xorazm viloyati xalq ta'limi boshqarmasi bilan kelishgan holda 6ta qoloq maktab bilan ishlash bo‘yicha o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirish va iqtidorli o‘quvchilar seleksiyasini muntazam olib borish;

- Talabalar kovorking markazi tashkil qilish, yosh olimlar va talabalarning IT-dasturlashga qaratilgan loyihalarini moliyalashtirish; 

- O‘quv jarayonini tashkil qilish va rejalashtirish bo‘yicha dunyoda tan olingan ilg‘or kredit-modul tizimi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish.

- Urganch tumanidagi 400 o‘rinli talabalar turar joyi binosini rekonstruksiya qilish, 200 o‘rinli yangi talabalar turar joyi binosi qurish, universitet hududida «Go‘zallik saloni», sartaroshxona, chevarxona, fotografiya va nusxa ko‘paytirish shoxobchalarini tashkil etish, oshxonalarda fitobar tashkil etish.

- Budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2000 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv-laboratoriya kompleksiga ega SMART fakultetining binosini qurish choralarini ko‘rish.

Mavzuga oid