Ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Denov tumanida 50-70 yillik chinorlar kesilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Mazkur xabarlar yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Denov tuman inspeksiyasi inspektorlari tomonidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganish jarayonida Denov tumani Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasida ish yurituvchi lavozimida ishlab kelayotgan N.A. tomonidan 2 tup chinor, 2 tup archa daraxti noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesishga ruxsat berilgani aniqlangan.

Aniqlangan holat yuzasidan fuqaro N.A.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari (1 225 000 so‘m) miqdorida ma'muriy jarima solingan. Bundan tashqari o‘simlik dunyosiga 14 577 500 so‘m miqdorida zarar hisoblangan.