Qo‘mita tarqatgan ma'lumotda aytilishicha, internet tarmoqlarida “ba'zi mutaassib shaxs va toifalar tomonidan O‘zbekistonning din ishlari sohadagi yagona davlat siyosatini noxolis baholash, yangiliklarni o‘z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqelikni o‘z o‘zanidan boshqa tomonga burish, holatni ko‘pirtirish hamda ayrim diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan asossiz tanqidlar” qilinmoqda.
Ma'lumot uchun: O‘zbek tilining izohli lug‘atida “mutaassib” so‘ziga “dinga qattiq berilgan, unga ko‘r-ko‘rona ergashuvchi, konservator” deya izoh berilgan.
Diniy qo‘mitaning ta'kidlashicha, oxirgi paytlarda bildirilayotgan takliflar va masalalar faqat islom diniga e'tiqod qiluvchi fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqib ilgari surilmoqda. Lekin, aholining 94 foizdan ortig‘ini musulmonlar tashkil etishi qaror qabul qilishda – mavjud qonunchilik va huquqiy me'yor talablaridan chetga chiqishga asos bo‘lmaydi.
Shuningdek, qo‘mita ko‘pchilik ushbu yo‘nalishdagi davlat siyosatining mohiyatini to‘g‘ri anglamasligi natijasida “odamlar ongida turli noto‘g‘ri fikrlar va qarashlar paydo bo‘layotgani”ni ta'kidlagan.
Tashkilot, xususiy tartibda diniy ta'lim olish va ta'lim berishga bo‘lgan taqiqni bekor qilish masalasi ham tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotganini, bu masalada chegarani belgilab olish lozimligini qayd etgan.
Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda diniy ta'lim olish sohasi shartli ravishda 3 ta yo‘nalishga bo‘linadi:
- ilohiyot yo‘nalishidagi professional diniy ta'lim;
- dunyoviy ta'lim muassasalaridagi dinga oid akademik ta'lim;
- aholi tomonidan qiziqish bildirilayotgan, kundalik hayoti uchun zarur deb hisoblanadigan diniy amaliyot qoidalarini o‘rganish hamda odob-axloq bilan bog‘liq masalalarda diniy nuqtai nazarga asoslangan bilimlarni olish (“maishiy” diniy ta'lim).
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ko‘ra, O‘zbekistonda barcha din vakillariga bir ko‘z bilan qaraladi, “diniy ozchilik” degan ibora esa o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra o‘zbek tili uchun sun'iy yasama bo‘lib, madaniyat, til va umuman milliy qonunchilikka xos emas.
Ma'lum qilinishicha, aholining kundalik hayotidagi diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi veb-saytlar va ularning Telegram-kanallari ishlab turibdi. Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 17 ta joyda aholiga pullik xizmat asosida alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Qur'on va tajvid kurslari” mavjud.















