Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni O‘zbekiston yoshlari bilan uchrashib, o‘z nutqida ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonish uchun nomunosib harakatlar qilayotgan yoshlar bo‘yicha ham to‘xtaldi.
Davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xunuk voqealar, ya'ni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma'qul harakatlardan nihoyatda ranjiganini bildirdi.
“Kerak bo‘lsa, xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi.
Tariximizga, Navoiy bobomizga, Motamsaro onamizga tosh otishga hech kimning haqqi yo‘q. Nega bunday harakat qilganlarga jamoatchilik keskin munosabat bildirmayapti?! Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgarlikni kuchaytirish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma'lumot uchun, 2020 yilning 7 aprelida bir guruh yoshlar poytaxtdagi Amir Temur haykalidan koronavirus qachon ketishini so‘ragani uchun, 2021 yil 10 may kuni ikki yigit Samarqand shahridagi Alisher Navoiy haykali oldida Alisher Navoiy shaxsiga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 15 sutkadan qamoq jazosiga tortilgandi.
2 iyun kuni esa olmaliqlik qiz “Ona va bola” haykali ustiga chiqib, odobsiz xatti-harakatlar qilgani tufayli unga nisbatan chora ko‘rilishi ma'lum qilingandi.
Bundan tashqari, Amir Temur haykali oldida yoshlar tomonidan boshqa noma'qul harakatlar qilgan holda suratga tushish holatlari ham kuzatilib, jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Ayni paytda ushbu xatti-harakatlar uchun qanday javobgarlik belgilangan?















