Saudiyaga sharqdan Eron, shimoldan Iroqdagi ayrim guruhlar, janubdan husiychilar vaqti-vaqti bilan zarbalar berib turibdi. Podshohlik g‘arbida esa Isroil ekspansionizmi ketmoqda. Mamlakat ichkarisida shia guruhlari bilan bog‘liq holda ro‘y bergan yaqin o‘tmishdagi voqealar ham siyosiy elitaning yodidan chiqmagan. Xo‘sh, shunday sharoitda podshohlik urushga kirmasdan, o‘z xavfsizligini qanday ta’minlay oladi? Kun.uz shunday savol bilan siyosiy tahlilchilarga yuzlandi.

Kamoliddin Rabbimov: Husiychilarning raketa va dron hujumlari Saudiya Arabistoni uchun jiddiy xavfsizlik muammosi bo‘lsa-da, ularni davlat mavjudligiga bevosita tahdid soluvchi (ekzistensial) xavf deb baholash qiyin. Bu hujumlar Saudiya infratuzilmasiga, energetika ob’yektlariga va iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin, ammo husiychilarning Saudiya hududini egallab olish yoki davlatni harbiy yo‘l bilan yo‘q qilish salohiyati mavjud emas. Shu sababli Ar-Riyod uchun husiychilar ko‘proq doimiy bezovtalik omili, xavfsizlik xarajatlarini oshiradigan muammo hisoblanadi. Ular Saudiya Arabistonini yo‘q qilishdan ko‘ra, mamlakatni muntazam ravishda bosim ostida ushlab turish imkoniyatiga ega.

Bu vaziyatda Eron bilan munosabatlarning o‘zgarishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki husiychilarga Eronning ta’siri mavjudligi ayon. 2023-yildagi Saudiya–Eron yaqinlashuvidan keyin husiychilarning Saudiya hududiga hujumlari sezilarli darajada kamaygani ham bunga misol bo‘la oladi. Bu esa Ar-Riyod uchun muammoni faqat harbiy yo‘l bilan emas, balki diplomatik kanallar orqali ham boshqarish mumkinligini ko‘rsatdi. Biroq Yaqin Sharqdagi yangi urushlar va Eronning mintaqadagi ittifoqchilari orqali bosimni kuchaytirishi vaziyatni yana o‘zgartirdi.

Eron o‘zining mintaqaviy ta’siri va harbiy imkoniyatlarini namoyish etish uchun ittifoqchi kuchlarning faolligidan foydalanmoqda. Shu sababli Saudiya Arabistoni oldida murakkab tanlov turibdi: bir tomondan, hududiga raketa va dron hujumlarini to‘xtatishi kerak, ikkinchi tomondan esa, Eron va uning ittifoqchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirishishdan manfaatdor emas. Ar-Riyod uchun eng maqbul yo‘l – harbiy mudofaani kuchaytirish bilan birga, diplomatik bosim va mintaqaviy kelishuvlardan foydalanib, hujumlarning manbasini jilovlashdir.

Hikmatilla Kazakbayev: So‘nggi vaqtlarda Saudiya Arabistoniga Iroq hududidan ham dronlar uchirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Saudiya Iroq bilan qariyb 800 kilometrdan ortiq chegaraga ega va Iroq hududida Eronga yaqin shia qurolli guruhlari faoliyat yuritadi.

Boshqa tomondan esa, Qizil dengiz orqali husiylar tahdidi mavjud. Saudiya Arabistoni uchun yana bir muhim masala – energetika eksportining xavfsizligi. Riyoz Ho‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tib, neftning bir qismini Qizil dengiz orqali eksport qilish imkoniyatiga ega. Biroq Qizil dengizning o‘zi ham so‘nggi yillarda xavfsiz transport yo‘lagi bo‘lib qolmayapti. Demak, Saudiya bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishdan kelayotgan xavflarni hisobga olishga majbur.

Pokiston va Turkiya bilan mudofaa paktiga kelsak, bu alyansga uning har bir a’zosi qaysi manfaatlari nuqtayi nazaridan qarayotgani muhim. Turkiya uchun Isroil omili alohida ahamiyatga ega. So‘nggi vaqtlarda Anqarada Isroil Turkiya uchun asosiy tahdidlardan biri ekani haqida ko‘plab bayonotlar yangramoqda. Turkiyaning geografik joylashuviga qaraydigan bo‘lsak, O‘rta Yer dengizining sharqiy qismida Kipr, Gretsiya va Isroil o‘rtasidagi siyosiy, harbiy va energetik hamkorlik Anqarada xavotir uyg‘otmoqda. Bu davlatlar o‘rtasida muntazam sammitlar, harbiy mashg‘ulotlar va energetika loyihalari mavjud. Shu sababli Turkiya o‘zini dengiz yo‘nalishida ma’lum darajada strategik bosim ostida his qilmoqda.

Saudiya Arabistoni uchun esa vaziyat boshqacharoq. Uning asosiy muammolaridan biri – hududining nihoyatda katta ekani. Bunday ulkan hududni, ayniqsa, havo hujumlaridan to‘liq himoya qilish juda murakkab. Shu nuqtayi nazardan, Pokistonning bu jarayonga qo‘shilishi alohida ahamiyatga ega. Makka pakti imzolanganidan ko‘p o‘tmay, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lgani, Modi o‘sha kuni Isroil bilan hamjihatligini ijtimoiy tarmoq orqali bildirgani e’tiborli. Buni Makka paktiga javob sifatida talqin qilish mumkin.

Bu yerda yana ramziy jihat ham bor. Pakt imzolangach, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston rahbarlari Makkada birgalikda juma namozini ado etdilar. Shu sababli ayrim tahlilchilar ushbu kelishuvni sunniy davlatlarning siyosiy-harbiy yaqinlashuvi, hatto shia kuchlariga qarshi potensial blok sifatida talqin qildi. Bunday talqin mavjud, biroq ittifoqdagi har bir davlatning o‘ziga xos milliy va strategik manfaatlari ham bor.

Menimcha, ushbu kelishuvdan eng katta manfaat ko‘rishi mumkin bo‘lgan davlat – Saudiya Arabistoni. Chunki AQShning harbiy bazalari mamlakat hududida mavjud bo‘lishiga qaramay, ular Saudiya uchun barcha xavflarni avtomatik ravishda bartaraf etmasligi ayon bo‘ldi. Agar kelajakda Pokiston va Turkiyaning harbiy kontingentlari yoki mudofaa infratuzilmasi Saudiya Arabistonida joylashtirilsa, vaziyat butunlay o‘zgarishi mumkin. Masalan, Saudiya hududida Pokiston harbiylari mavjudligi haqida ma’lumotlar bor. Agar bunga Turkiya harbiylari ham qo‘shilsa, Eronning Saudiyaga qarshi zarbalari masalasi ancha murakkablashadi.

Saudiya Arabistoni oldida, aslida, bir nechta strategik variantlar mavjud: Isroil bilan yaqinlashish, Eron bilan murosani davom ettirish yoki AQShga to‘liq tayanmasdan, Turkiya va Pokiston kabi davlatlar bilan mustaqil xavfsizlik mexanizmini shakllantirish. Saudiya uchun asosiy xulosa shuki, katta moliyaviy imkoniyatlar ham har doim xavfsizlikni kafolatlamaydi. Fors ko‘rfazidagi davlatlarning hujumga uchrashi buni ko‘rsatdi. Kuvayt, Qatar va Saudiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy qudrat harbiy tahdidlardan to‘liq himoya qiluvchi vosita emas.

Shuning uchun Makka pakti Ar-Riyod uchun nafaqat harbiy, balki strategik sug‘urta mexanizmi sifatida ham ko‘rilishi mumkin. Saudiya Arabistoni AQSh bilan ittifoqni saqlab qolgan holda, xavfsizlik bo‘yicha muqobil hamkorlarni ham shakllantirishga intilmoqda. Albatta, bu jarayonda Pokiston–Hindiston munosabatlari, Turkiya–Isroil ziddiyatlari va AQShning pozitsiyasi kabi omillar ham muhim. Saudiya Arabistoni kabi davlat bunday yirik xavfsizlik ittifoqini Vashington bilan hisoblashmasdan shakllantirishi qanchalik mumkinligi esa alohida savol. Ehtimol, bu masala AQSh va boshqa hamkorlar bilan diplomatik maslahatlashuvlarda ham muhokama qilingan.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.