Bugun Angliyaning amaldagi chempioni «Arsenal» Superkubok uchun Angliya kubogining amaldagi sohibi «Manchester Siti»ga qarshi maydonga tushadi. Londonliklar so‘nggi yillarda bir necha bor ushbu sovrin uchun o‘yin o‘tkazgan (so‘nggi besh finalda besh g‘alaba), ammo ancha vaqtdan buyon bu o‘yinga Angliya chempioni sifatida kelmoqda.

APLdagi g‘oliblikdan keyi Mikel Arteta jamoasida o‘zgarishlar bo‘ldi va bu jarayon davom etmoqda. Quyida ushbu jamoa 2026/27 yillar mavsumiga qanday holatda kirayotgani haqida.

Jamoa tarkibi qanchalik kuchaydi?

Vinisius Juniorni qo‘lga kiritishga bo‘lgan urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi, shu tufayli hozircha «Arsenal»ning yozgi transferlar oynasidagi eng asosiy xaridi «Nyukasl»dan 87,5 million yevro evaziga Bruno Gimaraysh olib kelinishi bo‘lib turibdi.

Braziliyalik ushbu yarimhimoyachi shusiz ham kuchli bo‘lgan maydon markazini yanada mustahkamlaydi: u APLda bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli to‘p surib keladi va hozirning o‘zida jamoani kuchaytira oladi. Bruno bir necha pozitsiyani yopa oladi: uning borligi jamoaning hujum chizig‘idagi imkoniyatlarini oshiradi, shu bilan birga, yarimhimoya chizig‘i futbolchilariga tushadigan yuklama hajmini kamaytiradi.

Turkiyaga yo‘l olgan chap qanot vingeri Leandro Trossar o‘rniga esa Xristos Zolis keldi – u top darajaga chiqish salohiyatiga ega bo‘lgan va tarkibni kengaytiradigan futbolchi. Ushbu gretsiyalik futbolchi o‘tgan mavsumda Belgiyaning «Bryugge» klubi safida barcha turnirlar doirasidagi 52 o‘yinda 22 gol urib, 29 golga uzatma bergan. «Arsenal» 24 yoshli vinger uchun 40 million yevro to‘ladi. Londondagilar chap qanot uchun yana bir transfer amalga oshirishni (asosiy tarkib uchun top darajadagi futbolchi olib kelishni) maqsad qilgan, ammo hozircha bu borada oldinga siljish kuzatilmayapti, shunday ekan, yangi mavsum boshida aynan Zolis asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishi mumkin.

Darvoza chizig‘i uchun ham bitta transfer bo‘ldi – «Lids»dan Illan Mele erkin agent sifatida keldi. Lekin u asosiy darvozabon David Rayyaga raqobat qilmaydi. Mele – mavsum oxirida ketishi mumkin bo‘lgan Kepa Arrisabalagaga o‘rinbosar hisoblanadi.

Shuningdek, «Arsenal» «Bayer»dan 49 million yevro evaziga Piyero Inkapiyening transfer huquqini to‘liq sotib oldi. O‘tgan mavsumda londonliklar safida ijara asosida o‘ynagan ekvadorlik himoyachi yuqori darajadagi futbol namoyish etgandi: Arteta u borligi tufayli chap qanot himoyasida qo‘shimcha variantga ega bo‘ldi – vaziyatga qarab hujumga ko‘proq qo‘shiladigan Kalafiori yoki himoyada ishonchliroq bo‘lgan Inkapiyeni tushirishi mumkin edi.