«Yurtimiz bo‘ylab #men_vaksina_oldim aksiyasi qamrovi tobora kengayib bormoqda. Bugun aksiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev ham koronavirusga qarshi emlandi. 

Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar aksiyasi doirasida hukumat vakillari, hokimlar, oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, tibbiyot muassasalari boshliqlari, el  ardog‘idagi san'atkorlar va ko‘plab aholi vakillari koronavirusga qarshi emlandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

SSV ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda emlash ishlari boshlangandan beri 4,3 milliondan ortiq vaksina qo‘llangan. Kuniga o‘rtacha 130-140 ming doza vaksina qo‘llanmoqda. Shu vaqtgacha 1-bosqichda 2,5 mln, 2-bosqichda 1,3 mln, 3-bosqichda 422 mingdan ortiq kishi emlangan. 

O‘zbekistonda vazirlardan birinchi bo‘lib Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin koronavirusga qarshi emlangani xabar qilingandi, 4 iyun kuni u «Sputnik V» vaksinasi qabul qilgan.

Iyun oyi oxirlarida sobiq sog‘liqni saqlash vazirlari Alisher Shodmonov (hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori) va Anvar Alimov (hozirda sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i) koronavirus infeksiyasiga qarshi o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlandi.

2 iyul kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov koronavirusga qarshi o‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlandi.